Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
«Halol!» Kurashda raqibining yelkasini g‘irromsiz yerga tekkizish "halol" deyiladi.
"Halol" – bellashayotgan mardning ori, nomusi, g‘ururi. Hamma polvonlar shu kalomni eshitish orzusida maydonga tushadilar. "Halol" uchun kurashadilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari o‘trasida milliy kurash musobaqasi o‘tkazilyapti.
Bugun, 1 aprel kuni "Sag‘bon" sport majmuasida imom-xatiblar va imom noiblari o‘rtasida o‘tkazilayotgan milliy kurashning Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Abdulloh domla Yo‘ldoshev va Ergashali domla Rustamovlar ochib berishdi.
Shuningdek, musobaqaga tashrif buyurgan O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi Toshkent shahar boshqarmasi mas’ul xodimlari ham musobaqa qatnashchilariga omad va muvaffaqiyatlar tiladilar.
Musobaqada poytaxtimiz tumanlaridan saralab olingan polvonlar gilamga chiqdilar.
"Halol!" degan so‘zni eshitish uchun bellashuvlarda halollikka rioya qilgan irodali, baquvvat, epchil va abjir diniy soha xodimlari g‘alaba qozonishi tayin.
Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, 90 kg vazn toifasida:
I o‘rin – "Usmon ibn Maz’un" masjidi imom-noibi Abdumannon Avloyorovga;
II o‘rin – "Abduqodir hoji ota" masjidi imom-noibi Muhammadyusuf Abdukabirovga;
III o‘rin – "Said Vaqqos ota" masjidi imom-noibi Umarjon Abdumannonovga nasib etdi.
81 kg. vazn toifasida esa:
I o‘rin – "Sobitxon Hoji" masjidi imom-noibi Burhoniddin Allayorovga;
II o‘rin – "Alibek" masjidi imom-noibi Sulaymon Fayzullayevga;
III o‘rin – "Koh ota Buzruk" masjidi imom-noibi Muxtor Abzalovga nasib etdi.
73 kg. vazg toifdasida:
I o‘rin – "Masjidul Xayr" masjidi imom-noibi Abdulbosit Jo‘rayevga;
II o‘rin – "Al-badr" masjidi imom-noibi Jamshid Nazarovga;
III o‘rin – "Abdulhamid hoji" masjidi imom-xatibi Jamoliddin Azimovga nasib etdi.
Shuningdek, musobaqada turli nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi hamda homiylarning tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati