Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2026   |   27 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2026, 27 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19322   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HOZIRJAVOBLIK qanday yaxshi ko‘makchi!

01.04.2026   18749   4 min.
HOZIRJAVOBLIK qanday yaxshi ko‘makchi!

Nafs odobi dars odobidan xayrliroqdir. 
 

Izoh. Ibrohim Naxa’iy deydi: “O‘tgan azizlar bir kishidan ilm olish uchun borar ekan, uch narsaga e’tibor qaratardilar: olimning salobatiga, namoziga va holatiga, keyin undan ilm olardilar. Ularning eng avval nazar soladigan jihati olim yoki muhaddisning odobi bo‘lardi.


Imom Ahmad rahimahullohning ilm majlislarida besh mingdan ortiq kishi jamlanardi. Shulardan besh yuztasi hadislarni yozib olar, qolganlar husni odob va samt – salobat va viqor hosil qilish ilmini o‘rganardilar”.


Ibn Muborak aytadi: “biz ko‘p ilmdan ko‘ra kamroq odobga muhtojmiz”. Ya’ni, odob ilmdan muhimroqdir. Ilmi ko‘p bo‘lgani bilan bilganiga amal qilmasa, bunday ilmdan foyda yo‘q. Amal ilmning guli bo‘lsa, mevasi odobdir. Shuning uchun, garchi kamroq bo‘lsa ham, natijasi amal bilan tugagan ilm amalsiz ko‘p ilmdan yaxshiroq. Ilmi ko‘p­u odobi yo‘q olimdan odamlar qochadi. Negaki, uning odobsizligi tolibi ilmlar va uning o‘rtasiga to‘siq bo‘ladi.


Hozirjavoblik qanday yaxshi ko‘makchi.


Izoh. Javobning o‘z o‘rnida, zudlik bilan, eng muvofiq tarzda yuzaga chiqishi hozirjavoblikdir. Bu xususiyat aksar tug‘ma bo‘ladi.


Abbosiy xalifalardan Horun ar­-Rashidning o‘g‘li Al-­Mo‘tasim billah hali yuzidan go‘daklik shirasi arimagan bola Fath ibn Hoqonning qo‘lidagi qimmatbaho toshni ko‘rib, unga: “Ey Fath, qo‘lingdagi tosh menikidan chiroyliroq ekan-­a?” – dedi. “Ha, ey mo‘minlar amiri, bu chiroyli toshni ushlagan qo‘l ham narigi toshni ushlab turgan qo‘ldan yaxshiroq-­da!” – deya javob berdi Fath. Yosh bolaning hozirjavobligi mo‘minlar amirini hayratga soldi va darhol unga sovg‘a va libos keltirishlarini amr qildi.


Lekin tajriba bilan ham hozirjavoblik malakasini hosil qilish mumkin. Ayniqsa, bitta sohani ipidan­ignasigacha to‘la egallagan insonlarda bu holat ko‘proq kuzatiladi. Alloh ato etgan aql, fahm­farosat, jiddu jahdni o‘zi qiziqqan soha, kasb­hunarga cheksiz sadoqat bilan yo‘naltirishda charchamagan kishiga ayni ne’mat tuhfa etiladi.
 

Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad xolasining o‘g‘li Kisoiyga, ya’ni nahv ilmining mashhur olimiga:

– Shunday xotirang bo‘laturib, nega fiqh ilmi bilan shug‘ullanmaysan? – dedi.

– Kishi bir ilmni puxta bilsa, o‘sha bilimi uni boshqa ilmlarda ham to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, – dedi Kisoiy. Shunda Muhammad aytdi:

– Unday bo‘lsa, senga fiqh ilmidan bir masala aytaman, javobini nahv ilmidan chiqarib ber­-chi.

– Ayting, – dedi Kisoiy.

– Sajdai sahv qilgan yo qilmaganini unutgan kishiga sajdai sahv vojib bo‘ladimi? – so‘radi Muhammad.

Kisoiy ozgina o‘ylaganidan so‘ng: – Unga sajdai sahv vojib emas, – dedi.

– To‘g‘ri aytding, bu javobni nahv ilmining qaysi qoidasidan chiqarding? – qiziqib so‘radi Imom Muhammad, shunda Kisoiy:

– “Kichraytirilgan ism qayta kichraytirilmaydi” (masalan, “quyoncha” so‘zini yana kichraytirish uchun “quyonchacha” deyilmagani kabi) degan qoidadan, – dedi.

Xoh tug‘ma bo‘lsin, xoh kasb etib hosil qilingan bo‘lsin, hozirjavoblik aksar holatda insonga eng yaxshi ko‘makchidir!

Odobsiz aql sharmandalik, aqlsiz odob halokatdir.


Izoh. Odob va aql bir­birini taqozo etuvchi kuchlardir. Shuning uchun aytilgan: “Aqlsizda odob, odobsizda aql yo‘q”.

Aliy roziyallohu anhu deydi: “Har bir narsa aqlga muhtoj, aql esa odobga muhtoj, aql va odobdan boshqa har qanday qadr-­qiymatning chegarasi bor”.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Odob talabida bo‘l, chunki odob aqlga ziyodalik, muruvvatga dalil, yolg‘izlikda ulfat, g‘ariblikda hamroh, faqirlikda mol-davlatdir”.

Hasan Basriy rahimahullohdan manfaati eng ko‘p odob haqida so‘raldi. Shunda u dedi: “Dinda faqihlik, dunyoda zohidlik va zimmangdagi haqlarni Alloh uchun tanish”.


Rashid ZOHID tarjimasi, 

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

O'zbekiston yangiliklari