Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2026   |   27 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2026, 27 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19333   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Videolar

Imom Buxoriy merosi va majmuasida ma’naviyat mujassam (+video)

31.03.2026   10999   4 min.

Prezident tashrifidan so‘ng...

Hadisshunoslik ilmida ulug‘ darajaga ko‘tarilgan ajdodlarimiz merosi islom olamida hamisha qadrli sanaladi. Al-Buxoriy, Imom Muslim, Iso at-Termiziy va shu kabi boshqa ilm ahllarining ma’naviy va mantiqiy qarashlari zamonlar oshsa-da, yangi-yangi tadqiqotlarga asos bo‘lib kelmoqda. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Imom al-Buxoriy alohida e’tiborga molik olimdir.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Payariq tumanida buyuk muhaddis bobomizning majmuasi u kishining islom olamida tutgan yuksak mavqei, salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. 


Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Darhaqiqat, mazkur majmua chin ma’noda nafaqat Samarqandning, balki yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi.


– Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega, – dedi Imom Buxoriy majmuasi direktori Shahobiddin Arziqulov. – Maydoni 45 gektarni tashkil etuvchi majmuada 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Shuningdek, to‘rt yulduzli, uch yulduzli mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh barpo etildi. Mazkur obyektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.


Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.


Darhaqiqat, islom tarixini, ma’rifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. 


– Hadis ilmi haqida gap ketsa, avvalo zaminimizdan yetishib chiqqan ulamolar merosi yodimizga keladi, – dedi Imom Buxoriy jome masjidi imom noibi Muhammadshokir Nasriddinov. – Yoshligidan aql-idrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni zo‘r qiziqish bilan egallagan Imom Buxoriy hazratlari o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to‘plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan. 825 yili o‘n olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga yo‘l oladi. Makka va Madinani ziyorat qilib, o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashaydi. Hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining ko‘p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o‘tadi. 


U zotning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘tabar oltita hadis kitobining biridir. Alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz dinu diyonatimizni mustahkamlash yo‘lida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqda. Imom Buxoriy ma’naviy merosi e’tiqodda ulkan ma’noni aks ettiradi.  Ul zotning buyuk izlanishlari, bilimi, kamoloti ziyoratchilar, jumladan, yoshlar uchun namuna bo‘lib kelmoqda. 


Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.

Abdulaziz RUSTAMOV, 

Yoqub MЕLIBOYEV (video),

 O‘zA