Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekiston elchixonasida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk temuriylar merosi: Markaziy Osiyo san’ati, fani va madaniyati” mavzusida xalqaro davra suhbati va ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston va Fransiya davlat organlari, ilmiy-madaniy muassasalar vakillari, mashhur tarixchilar, sharqshunoslar, san’atshunoslar, xalqaro ekspertlar hamda Fransiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbati chog‘ida Amir Temur va temuriylar davrining boy tarixiy-madaniy merosi, ularning fan, ta’lim, san’at va arxitektura taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, Sharq va g‘arb o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarning ahamiyati muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi va temuriylar davrining ilmiy hamda madaniy yutuqlarini aks ettiruvchi ko‘rgazma namoyish etildi.
Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini Fransiyada keng targ‘ib qilish, Amir Temur va temuriylar merosining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini ochib berish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati