Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bugun, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Shayxontohur tumanidagi "Koh ota" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga Islom dinida insonlarga manfaat yetkazish, jamiyat va elni obod qilishning ahamiyati hamda saxovat va xayr-ehsonning ma’naviy fazilatlari haqida ta’sirli suhbat qilib berdilar.
Ma’ruzada aytilganidek, insonga berilgan imkoniyatlar Alloh taoloning in’omi. Odamlarga ezgulik va manfaat yetkazish esa ulug‘ amallar sirasidan. Masalan, ta’lim maskanlari, shifoxona, yo‘l yoki ko‘priklarni ta’mirlab bergan kishiga shu joylardan qancha foydalanilsa, shuncha savob yoziladi.
Suhbat davomida bunga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan muborak hadis keltirildi:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etsa, uning amallari uziladi, faqat uchta narsadan: sadaqai joriyadan, foydalaniladigan ilmdan va uning haqiga duo qilib turadigan solih farzanddan tashqari”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Muftiy hazratlari ushbu hadisga tayanib, jamiyatga foydasi tegadigan xayrli ishlarni qoldirish har bir mo‘min uchun abadiy savob manbai – sadaqai joriya bo‘lishini tahlil qilib berdilar.
Shuningdek, jamiyatda saxovat va oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma’rifatli va vatanparvar etib tarbiyalash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yakunda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda el manfaati yo‘lida xizmat qilayotgan barcha fidoyi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz haqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati