Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
#Surxondaryo
Bir necha yillardan buyon Turkiya Respublikasi Ramazon oyi arafasida mamlakatimizda yashayotgan ehtiyojmand oilalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya qilib keladi. Bu an’ana joriy yilda ham davom etib, yaqinda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 900 dona birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar "Vaqf" xayriya jamoat fondiga topshirildi.
Turkiya elchixonasi Diyonat bo‘limi rahbari Mahmut Turkning ta’kidlashicha, ushbu xayriya mahsulotlari qardosh o‘zbek xalqi uchun o‘ziga xos Ramazon tuhfasidir. Bu mahsulotlar haqdor, kam ta’minlangan oilalarga yetib borsa, ular bundan xursand bo‘lib, Ramazon oyini xushnudlikda o‘tkazsa murodimiz hosil bo‘ladi, dedi elchixona vakili.
Xayriya mahsulotlarini qabul qilib olish va manzilga kuzatish tadbirida fondning xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi rahbari Mirjalol Qosimov, fond mas’ul xodimi Ziyodulla Abdullayev ishtirok etdi.
Ushbu xayriya Ramazon – 2026 xayriya aksiyasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu yuklar Surxondaryo viloyatining olis va chekka hududlaridagi kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalarga yetkaziladi.
Vaqf.uz