Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Noyabr, 2026   |   1 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:45
Quyosh
07:06
Peshin
12:12
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:26
Bismillah
11 Noyabr, 2026, 1 Jumadul soni, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   20127   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Ramazon - Qur’on oyi: Fotiha surasi fazilatlari

13.02.2026   21324   1 min.
Ramazon - Qur’on oyi: Fotiha surasi fazilatlari

Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.

Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.

Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan.

Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn Ummul Qur’on, Ummul Kitob, Sab’ul masoniy (yetti takrorlanuvchi) va Al-Qur’anul a’ziym (ulug‘ Qur’on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.

Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa’id roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.

Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.

Davron NURMUHAMMAD