Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Noyabr, 2026   |   1 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:45
Quyosh
07:06
Peshin
12:12
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:26
Bismillah
11 Noyabr, 2026, 1 Jumadul soni, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   20158   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Insonning besh nuqsoni

12.02.2026   16592   5 min.
Insonning besh nuqsoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Agar inson biror narsa ixtiro qilsa, uning sifatlarini, imkoniyatlarini va nuqsonlarini juda yaxshi biladi. Xuddi shunday, Alloh taolo insonni yaratdi va O‘zi yaratgan maxluqotlarining imkoniyatlarini juda yaxshi biluvchi Zotdir.

Alloh taolo Qur’oni karimning biror oyatida bandalarining yaxshi sifatlarini keltirgan bo‘lsa, ular bilan birga beshta nuqsonni ham sanab o‘tgan. Quyida ularni birma-bir bayon etamiz.

 

Inson zolimdir

Insonning eng katta nuqsonlaridan biri u zolimdir.

﴿إِنَّهُ كَانَ ظَلوُمًا﴾

«Darhaqiqat, u (inson) o‘ta zolimdir» (Ahzob surasi, 72-oyat).

Albatta, inson zolim bo‘lishi bilan birga, unda bu nuqsonini to‘g‘rilash imkoniyati bor. Ya’ni, inson Alloh taologa mahbub bo‘lgan – odil sifati bilan sifatlanishi mumkin.

 

Inson johildir

Ikkinchi nuqsoni shuki inson o‘ta johildir.

﴿كَانَ ظَلُومًا جَهُولًاُ﴾

«Darhaqiqat, u (inson) o‘ta zolim va o‘ta johildir» (Ahzob surasi, 72-oyat).

Insonda bu sifatning aksi bo‘lgan ilm hosil qilish iste’dodi bor. Guyoki Alloh taolo ushbu ikki lafz (johil va zolim) bilan shunga ishora qilyaptiki, agar inson harakat qilsa, o‘zining johilligini olimlikka, zolimligini esa odillikka o‘zgartirishi mumkin. Agar mehnat qilmasa, zolimligicha, johilligichi qolib ketadi.

 

Inson zaifdir

Insonning uchinchi nuqsonini bayon qilib Alloh taolo bunday marhamat qiladi.

﴿وَ خُلِقَ الْإِنْسَنُ ضَعِيفًا﴾

«Va inson zaif yaratilgandir», (Niso sursi, 28-oyat).

Inson shu darajada zaifki, uning ongida inglizlar ta’biri bilan aytganda, “Fear of unknown” (Notanish narsadan xavfsirash) hukm suradi.

Banda nihoyatda ojizki, u zarradek virus sababli bemor bo‘ladi. Natijada u ilojsiz qolib, shifokorning “kasalingiz davosiz” degan so‘zidan chuqur qayg‘uga botadi. Vaholanki, virus shu darajada kichikki, uni hatto oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Lekin shu zarra miqdoridagi virus odamlarni halokat yoqasigacha olib boradi.

 

Inson shoshqaloqdir

To‘rtinchi nuqson bu shoshqaloqlikdir. Bu borada Alloh taolo bunday marhamat qiladi.

﴿وَ كَانَ الْإِنْسَانُ عَجُولًا﴾

«Va inson shoshqaloq bo‘lgandir», (Isro surasi, 11-oyat).

Ya’ni, inson tabiatan shoshqaloqdir. Agar to‘rt kun nafl namozlarini o‘qisa, kelasi beshinchi kuni Shayx Shibliy rahmatullohi alayh yoki Junayd Bag‘dodiy rahmatullohi alayh avliyolar singari karomatlar ko‘rsatishni orzu qiladi, duolari bir lahzada qabul bo‘ladigan zot bo‘lishni xohlab qoladi. Bir, ikki marta duo qilib, mening duolarim ijobat bo‘lishi kerak, deb da’vo qila boshlaydi.

Ey ojiz banda! Alloh taolo bandalariga Qur’oni karimda juda ko‘p marotaba namoz o‘qishga buyuradi. Lekin biz bu hukmni bir qulog‘imizdan eshitib, ikkinchisidan chiqarib yuboramiz. Agar o‘zimiz birovga bir ishni uch marta buyursak, to‘rtinchi dafasida g‘azabimiz chiqib, ko‘zlarimiz qizarib: “Hoy, sen meni eshitmayapsanmi, men senga uch marta aytdim”, deymiz. Lekin yeru osmonning xazinalari Uning qo‘lida bo‘lgan Zot qayta-qayta namoz o‘qishga buyuradi. Lekin biz “Allohu akbar” degan azon ovozini eshitsak ham, masjid sari yo‘l olmaymiz. Allohning buyrug‘iga e’tibor qaratmaymiz. Ozgina amalining evaziga katta-katta daraja va mukofotlarni faqatgina shoshqaloq inson orzu qiladi.

 

Inson behafsala va tor yurakdir

Alloh taolo beshinchi nuqson haqida bunday marhamat qiladi:

﴿إِنَّ الْإِنْسَانَ خُلِقَ هَلُوْعًا﴾

«Albatta inson o‘ta behafsala qilib yaratilingandir» (Ma’orij surasi, 33-oyat).

Ayrim mufassirlar ushbu oyati karimani “tor yuraklidir” deb tafsir qilganlar. Ya’ni, inson shu darajada behafsalaki, unga Alloh taolo tomonidan yaxshilik yetsa, faromush qiladi, ozgina musibat yetsa, sabot bilan sabr qilmaydi. Agar biron muvaffaqiyatga erishsa, faqat o‘zining kuchi bilan unga erishganini da’vo qiladi. Alloh taoloning bergan tavfiqini unutadi. Bordiyu undan birgina intervyu olinsa, o‘zining shijoati, qahramonligi bilan muvaffaqiyatga erishganini aytadi. Agar u muvaffaqiyatsizlikka uchrasa va undan: “Sizga nima bo‘ldi?” deb so‘ralsa u: “Alloh taoloning ishi ekan, peshonaga yozilgani bo‘ladi-da”, deydi.

Ha inson shunday, bir narsaga erishsa o‘zidan, yo‘qotsa Alloh taolodan deb biladi, o‘zining xatosini aytmaydi. Biz nima uchun bir oddiy sababchi ekanimizni, Alloh taolo hamma ishning tavfiqini beruvchi ekanini aytmaymiz? Chunki biz muvaffaqiyat paytida nafsimizning quli bo‘lamiz, Alloh Robbul izzatni unutib qo‘yamiz. Vaholanki, yaxshiliklar, yutuqlarni Undan deb bilib, o‘ngidan kelmagan ishlarimizni o‘zimizning nuqson va kamchiligimizdan deb bilishimiz lozim.

 

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning "Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi