Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
#xabar
Bugun, 10 fevral kuni Toshkent shahridagi “Jar” sport majmuasida voleybol bo‘yicha "O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi" musobaqasining hal qiluvchi final bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti hamda Qashqadaryo viloyati vakilligi jamoalari o‘zaro bellashadi. Shuningdek, uchinchi o‘rin uchun Samarqand va Navoiy viloyati vakilliklari jamoalari maydonga tushadi.
Ayni paytda “Jar” sport majmuasida final uchrashuvlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilib, sport zali va ishtirokchilar uchun barcha zarur sharoitlar to‘liq shay holatga keltirilgan. Musobaqa g‘oliblarini munosib taqdirlash maqsadida qimmatbaho sovg‘alar hozirlangan.
Jumladan, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaning har bir a’zosiga zamonaviy noutbuk, ikkinchi o‘rin sohiblariga televizor, uchinchi o‘rin egalariga esa planshetlar tantanali ravishda topshiriladi.
Final uchrashuvi natijalarini internet va ijtimoiy tarmoq sahifalarimiz orqali bevosita kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati