Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda tavakkul qilish payg‘ambarlarning shayxi Nuh alayhissalomdan to Muhammad alayhissalomgacha bo‘lgan payg‘ambarlarning xulqi ekanligi ta’kidlanadi. Alloh taolo barcha payg‘ambarlarning tilidan bunday keltiradi:
﴿وَمَا لَنَا أَلَّا نَتَوَكَّلَ عَلَى اللَّهِ وَقَدْ هَدَانَا سُبُلَنَا وَلَنَصْبِرَنَّ عَلَى مَا آَذَيْتُمُونَا وَعَلَى اللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُتَوَكِّلُونَ﴾
“Nima uchun biz Allohga tavakkul qilmas ekanmiz?! Holbuki, U bizni yo‘limizga hidoyat qildi. Bizga bergan ozorlaringizga, albatta, sabr qilamiz. Tavakkul qiluvchilar faqat Allohgagina tavakkul qilsinlar», dedilar[1].
Qur’oni karimda payg‘ambarlardan aytilgan so‘zlarini keltiramiz:
1. Nuh alayhissalomning tilidan:
﴿يَا قَوْمِ إِنْ كَانَ كَبُرَ عَلَيْكُمْ مَقَامِي وَتَذْكِيرِي بِآَيَاتِ اللَّهِ فَعَلَى اللَّهِ تَوَكَّلْتُ﴾
“Ey qavmim, agar sizlarga mening maqomim va Allohning oyatlari ila eslatishim og‘ir kelayotgan bo‘lsa, bas, men Allohga tavakkul qildim”[2].
2. Hud alayhissalomninig qavmi ularning ilohlari Hud alayhissalomni sharmanda qilishini aytganlarida, jahl bilan:
﴿إِنْ نَقُولُ إِلَّا اعْتَرَاكَ بَعْضُ آَلِهَتِنَا بِسُوءٍ قَالَ إِنِّي أُشْهِدُ اللَّهَ وَاشْهَدُوا أَنِّي بَرِيءٌ مِمَّا تُشْرِكُونَ مِنْ دُونِهِ فَكِيدُونِي جَمِيعًا ثُمَّ لَا تُنْظِرُونِ إِنِّي تَوَكَّلْتُ عَلَى اللَّهِ رَبِّي وَرَبِّكُمْ مَا مِنْ دَابَّةٍ إِلَّا هُوَ آَخِذٌ بِنَاصِيَتِهَا إِنَّ رَبِّي عَلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ﴾
“Albatta, men Allohni guvoh qilaman va siz ham guvoh bo‘lingki, men sherik keltirayotganingizdan pokman. Undan o‘zgani. Bas, hammangiz menga qarshi hiyla qilaveringlar, menga muhlat bermanglar. Albatta, men Robbim va Robbingiz bo‘lmish Allohga tavakkul qildim”[3].
3. Alloh taolo Ibrohim alayhissalom va U zot bilan birga bo‘lganlarning tilidan ularning o‘z qavmlaridan va ular Allohdan o‘zgaga ibodat qiladigan narsalaridan qutilganlarini ushbu shaklda aytadi:
﴿رَبَّنَا عَلَيْكَ تَوَكَّلْنَا وَإِلَيْكَ أَنَبْنَا وَإِلَيْكَ الْمَصِيرُ﴾
“Ey Robbimiz, faqat Senga tavakkul qildik, faqat Sengagina qaytdik va qaytib boradigan joy ham faqat Senginadir”[4].
4. Shuayb alayhissalomning tilidan:
﴿وَمَا أُرِيدُ أَنْ أُخَالِفَكُمْ إِلَى مَا أَنْهَاكُمْ عَنْهُ إِنْ أُرِيدُ إِلَّا الْإِصْلَاحَ مَا اسْتَطَعْتُ وَمَا تَوْفِيقِي إِلَّا بِاللَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَإِلَيْهِ أُنِيبُ﴾
“Men imkonim boricha isloh qilishdan o‘zga hech narsani xohlamasman. Mening muvaffaqiyatim faqat Allohga bog‘liq. Ungagina tavakkul qildim. Ungagina qaytaman”[5].
5. Muso alayhissalomning sha’nlarida:
“Muso: «Ey qavmim, agar Allohga iymon keltirgan bo‘lsangiz, agar musulmon bo‘lsangiz, faqat Ungagina tavakkul qiling», dedi. Ular: «Allohgagina tavakkul qildik. Robbimiz, bizni zolim qavmlarga fitna qilib qo‘yma”[6].