Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2026   |   2 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:26
Bismillah
12 Noyabr, 2026, 2 Jumadul soni, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   20249   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Alloh taologa muhabbatning ikki asosiy sababi

09.02.2026   10020   4 min.
Alloh taologa muhabbatning ikki asosiy sababi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir savol tug‘ilishi mumkin. Nima uchun qalbda Alloh taoloning muhabbati bo‘lishi kerak? Uning sabablari bormi? Buning ikki asosiy sababi bordir.

Birinchi sabab. Hammaga ma’lum bo‘lgan odat shuki, qaysi kishiga birovdan yaxshiliklar yetsa, mehribonliklar ko‘rsatilsa, u kishi o‘zining yaxshilik qiluvchi mehribonidan benihoya mamnun bo‘ladi. Uni yaxshi ko‘rib qoladi.

Do‘stim! Axir, biz Alloh taoloning ne’matlarini son-sanog‘iga yeta olmaymiz. U zotning bizga bergan ne’matlarini fikrlab ko‘raylik.

﴿إنْ تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَآ﴾

«Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar» (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Endi, bir o‘ylab ko‘ring. Biror kishi yomg‘ir tomchilarini sanay oladimi? Dengiz qatralarining miqdorini biladimi? Butun dunyo daraxtlarining barglarini hisoblab chiqishga qurbi yetadimi? Osmon yulduzlarining sanog‘ini-chi? Bu savollarga javob berish juda mushkul. Lekin birodarim! Agar osmon yulduzlarining sonini, dengiz qatralarining miqdorini bilish mumkin deb e’tiroz qilinsa ham, kamina ojiz shuni ishonch va qat’iyat bilan aytamanki, Alloh taoloning ne’matlari sanog‘iga yetish inson zoti uchun imkonsizdir.

Agar Parvardigorimiz ko‘rish qobiliyatini bermaganida, biz hech bir narsani ko‘ra olmas edik. Agar U zot bizga nutq bermaganida, gapira olmasdik. Agar Alloh taolo bizga eshitishni bermaganida, biz kar, hech narsani eshitmasdik. Agar U zot bizga oyoqlar bermaganida, yurolmasdik.

Azizlar! Bular Alloh taoloning biz bandalariga bergan izzat-ikromidir. Toki biz izzat-ikrom bilan hayot kechiraylik. Yoki biror kishi bu o‘zimning fazilatim, deb ayta oladimi? Yo‘q, bu fazilat beruvchi fazl sohibining in’omidir. Agar U zot o‘z fazlidan bizga ne’mat ato etmasa, biz o‘zimiz uni hosil qila olmaymiz. Biz O‘z ne’mat beruvchimizning muhabbatini qalbimizga joylayik, Uning hukmlariga muvofiq hayot kechiraylik.

Ikkinchi sabab shuki, Alloh taolo qodiri mutlaq va nimani xohlasa o‘shani mashaqqatsiz amalga oshiruvchidir.

﴿فَعَّالٌ لِّمَا يُرِيدُ﴾

«U nimani xohlasa, qila oluvchi Zotdir» (Buruj suraasi, 16-oyat).

Ko‘rmaysizmi? Nuh alayhissalom o‘z farzandlarini suvda g‘arq bo‘lmasligini xohlar edilar, lekin ular g‘arq bo‘ldi. Ibrohim alayhissalom Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishga tayyor edilar.

﴿فَلَمَّآ أَسْلَمَا وَ تَلَّهُ لِلْجَبِينِ﴾

«Ikkovlari taslim bo‘lib, uni peshonasicha yotqizganida» (Soffat surasi, 103-oyat).

Ota o‘z o‘g‘lini qurbon qilishni xohladi, o‘g‘il ham qurbon bo‘lishga tayyor edi. Lekin Alloh taolo bunday bo‘lishini istamadi. Allohning izni bilan hayvon qurbonlik qilinadigan bo‘ldi.

Allohning mahbubi Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z amakilari Abu Tolibning imon keltirishini juda-juda xohladilar. Buning uchun ko‘p harakat qildilar. Hatto Abu Tolib amakilarining o‘limi paytida: “Ey amakijon! Qulog‘imga bir marotaba kalimai shahodatni ayting. Qiyomat kuni men sizning imoningizga guvohlik beraman”, dedilar. Lekin Alloh taolo buyurdiki:

﴿إِنَّكَ لَا تَهْدِي مَنْ أَحْبَبْتَ وَ لَكِنَّ اللَّهَ يَهْدِي مَنْ يَشَآءُ وَ هُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ﴾

«Albatta, sen o‘zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan. Lekin Alloh kimni xohlasa, o‘shani hidoyat qiladir. U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir» (Qasos surasi, 56-oyat).

Yana bir misol. Kunlarning birida Nabiy sollallohu alayhi va sallam asal yemayman, deb qasam ichdilar. Lekin Alloh taolo bunday bo‘lishini xohlamadi va buyurdiki:

﴿يَأَيُّهَا النَّبِيُّ لِمَ تُحَرِّمُ مَآ أَحَلَّ اللَّهُ لَكَ تَبْتَغِي مَرْضَاتَ أَزْوَجِكَ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ﴾

«Ey Nabiy! Nima uchun xotinlaring roziligini tilab, Alloh senga halol qilgan narsani harom qilursan! Alloh ko‘p mag‘firat qiluvchi va rahmlidir» (Tahrim surasi, 1-oyat).

Azizlar! Anbiyollar alayhimussalom va anbiyolarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham Alloh taoloning xohishi oldida ojiz edilar. Demak, qodiri mutlaqning xohishi va izni bilan hayot kechirayotgan ekanmiz, nima uchun qalbimiz U zotning muhabbati ila limmo-lim to‘lmasin?

"Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi