Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bugun Xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini boshladi. Tadbirda UNESCO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi UNESCO milliy komissiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, taniqli olimlar, turli konfessiya vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etmoqda.
Seminar BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 20 oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq belgilangan “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020 yil 21 dekabrda qabul qilingan rezolyutsiya asosida nishonlanadigan “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” munosabati bilan tashkil etildi.
Tadbirlar haftaligi joriy yilning 3–5 fevral kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – tinchlik va barqarorlik omili” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati