Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo sha’bonning yarmidagi tunlarda barcha maxluqotlariga nazar solib, mushrik va arazlashganlardan boshqa barchaning gunohini kechiradi" (Ibn Moja rivoyati).
Men Sizdan Alloh uchun kechirim so‘rayman.
Meni kechiring!
Ostonada Baroat kechasi!
Bugun shom namozida keyin gunohlar kechiriladigan – Baroat kechasi kirib keladi. Bu kechada hammaning gunohlari kechiriladi, faqat bir-biri bilan arazlashgan, gina-adovatda bo‘lganlar mag‘firatga erishmaydi.
Aslida kechirish juda oson... To‘g‘ri, balki dilingizni og‘ritishgan, yaxshiliklaringizni bilishmagandir, ammo baribir, kechirimli bo‘lish yaxshi.
Ko‘nglingizga ozor berganlarni kechirish uchun o‘zingizni ovutib, bahonalar to‘qishga urinmang. Balki shuncha gunoh qilsangiz ham Alloh Sizning gunohlaringizni kechirayotganini, U Zot sizga lutf etayotgan beminnat ne’matlarini eslang.
Ishoning, arazlashgan yaqinlaringiz bilan munosabatlarni tiklash, ko‘ngildagi nafrat izlarini yo‘qotish, qalbdagi og‘riqni to‘liq olib tashlash – sizga ancha yengillik beradi.
Baroat kechasi – gina-adovat, nafrat-arazlar, xafagarchiliklar unutiladigan, hamma bir-biridan rozilik hamda kechirim so‘raydigan kecha. Bu kecha Alloh nasib qilsa yana bir yildan keyin keladi. Lekin unga yana kimlar yetadi, kimlar yetmaydi.
Shunday ekan, yaxshi ko‘rgan insonlaringizni mahkam tuting.
Ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting, xatolarini kechiring. Bir kun kelib kech bo‘lishi mumkin.
Hayot gina saqlashga, g‘azabga, rishtalarni uzishga arzimaydi.
Ertaga biz faqat xotira bo‘lib qolamiz. O‘lim ruxsat so‘ramaydi.
Davron NURMUHAMMAD