Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Noyabr, 2026   |   3 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:08
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:09
Xufton
18:25
Bismillah
13 Noyabr, 2026, 3 Jumadul soni, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   20399   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ro‘za tutish nima uchun farz qilindi?

02.02.2026   6437   5 min.
Ro‘za tutish nima uchun farz qilindi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taoloning shariatida o‘ziga xos sirlar, hukmlarida hikmatlar, yaratishida esa maqsadlar mavjud. Bu maqsad, hikmat va sirlarni aql idrok eta oladigani va eta olmaydiganlari bor. Alloh taolo ro‘zaning ba’zi hikmatlari haqida xabar bergan: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Demak, ro‘za Allohga taqvo qilish vositasi ekan. Bandaning qorni ochgani sari qalbi musaffo, jigari suvsizlikdan qurigani sari ko‘zlari yoshlanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey, yigitlar jamoasi! Sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin. Chunki u (uylanish) ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroqdir. Kim qodir bo‘lmasa ro‘za tutsin. Chunki u (ro‘za) uning uchun bichishdir”, deganlar.

Ro‘za shayton unda yuradigan taom va qon yo‘lini toraytiradi hamda uning vasvasasini kamaytiradi.

Ro‘za shahvat, yomon o‘y-xayollar va gunohga undovchi narsalarni kamaytiradi va shu sabab ruhni musaffo qiladi.

Ro‘za ro‘zadorga ochlikdan qiynalayotgan birodarlari, faqirlar va miskinlarning holini eslatadi. Shu sabab, ro‘zadorning ularga rahmi keladi, ularga hamdardlik qilib yordam qo‘lini cho‘zishga intiladi.

Ro‘za nafsni tarbiyalash, qalbni poklash, ko‘z va a’zolarni tiyishni o‘rgatuvchi madrasadir.

Ro‘za banda va Alloh o‘rtasidagi sirdir. Sahih hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa barcha amali o‘zi uchundir. Ro‘za Men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman”.

Namoz, zakot va haj kabi amallarni bajarganda boshqa insonlar uni bilishi mumkin. Ammo ro‘zadorning tutgan ro‘zasini faqatgina Alloh taologina biladi, xolos.

Solih zotlar ro‘zani Allohga qurbat (yaqinlashish), amallarda oldinlab ketish uchun poyga va yaxshiliklar mavsumi deb bilishar edi. Shuning uchun ham u kelganda sevinch bilan yig‘lashsa, ketgan vaqtda mahzunlikdan ko‘z yosh to‘kishardi.

Ular Ramazonni yaxshi tanishar, shu sabab uni yaxshi ko‘rib bu oyda qattiq harakat qilishardi. Bu oyda o‘z jonlarini ayamasdilar, kechalari qoim bo‘lib, ruku va sajdada yig‘lab, kunduzlarini esa zikr, tilovat, ta’lim, da’vat va nasihat bilan o‘tkazishardi. Yana ular Ramazonni ko‘z quvonchi, nafs rohati va qalb xotirjamligi deb bilishar, shu sabab ruhlarini uning maqsadlariga muvofiq tarbiya qilishar, uning ta’limotlari ila qalblarini poklashar va nafslarini uning hikmatlari ila ziynatlardilar.

O‘tgan solihlar haqida sahih yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, ular o‘zlarining mus'haflari bilan masjidlarda o‘tirib, uni tilovat qilishar va ko‘p ko‘z yosh to‘kishar, tillarini va ko‘zlarini haromdan saqlashardi.

Ey, ro‘zadorlar! Ro‘za musulmonlar uchun birlik ramzidir. Ular bir vaqtda ro‘za tutib, bir vaqtda og‘iz ochadilar. Birgalikda och qolib, birga ovqatlanadilar. Ro‘za musulmonlar uchun do‘stu birodarlik, muhabbat va vafodorlikdir.

Ey, ro‘zadorlar! Ro‘za xatolarga kafforot va yomonliklarni ketkazuvchidir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Juma jumagacha, umra umragacha, Ramazon Ramazongacha. Modomiki, kabira qilinmas ekan o‘rtadagi narsaga kafforotdir”, deganlar.

Ey, ro‘zadorlar! Ro‘za badan uchun salomatlikdir. Chunki u zararli moddalarni tozalaydi, oshqozonni rohatlantiradi, qonni tozalaydi va yurakning ishlashini yengillashtiradi. Ro‘za bilan ruh yengil tortadi, nafs musaffo bo‘ladi va xulq-atvor ziynatlanadi.

Inson ro‘za tutgan vaqtida nafsi sergak tortadi, qalbi siniq bo‘lib, shahvatu istaklari yo‘qoladi. Shu sababdan, ro‘zador Allohga yaqin bo‘ladi va duosi ijobat bo‘ladi.

Ro‘zada ulkan sirlar mavjud. U Allohga haqiqiy bandalik qilish, uning buyruqlariga bo‘ysunish, shariatiga taslim bo‘lish va Uning roziligi uchun taom, ichimlik va jism xohishlarini tark etishdir. Ro‘za musulmonga nafsini yengish uchun ulkan imkoniyat va unga g‘olib kelishi uchun quroldir. U sabrning yarmi bo‘lib, uzrsiz ro‘za tutishga sabr qilolmagan inson nafs-havosiga hech qachon bas kela olmaydi.

Ro‘za o‘zini qurbon qila oladigan darajadagi mashaqqatli holatlarga va muhim vazifalarga nafsni tayyorlash uchun ulkan sinovdir. Shuning uchun ham Tolut dushmanga qarshi jang qilishi oldidan Alloh taolo uning qavmini bir anhor bilan sinagan. Tolut ularga: “Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinovchidir, kim undan ichsa, u mendan emas. Va kim uni tanovvul qilmasa, u, albatta, mendandir. Magar birov qo‘li bilan bir ho‘plam ho‘plasa, mayli” (Baqara surasi, 249-oyat) dedi.

Shundan so‘ng sabr qilganlar va nafsiga g‘olib bo‘lganlar najot topishdi va g‘alaba qozonishdi. O‘z nafslariga mag‘lub bo‘lgan shahvat qullari esa yaxshilikdan ortda qolishdi.

Demak, ro‘zaning ba’zi hikmatlari Alloh taologa taqvo qilish, Uning buyrug‘iga bo‘ysunish, havoyi nafs ustidan g‘olib kelish, musulmonni kuchli qilib tarbiyalash, shahvatlar va a’zolarni tiyib turish, jismni sog‘lomlashtirish, gunohlarga kafforot bo‘lish, do‘stu birodarlik va faqir-muhtojlarning holatlarini his qilish atrofida chegaralanar ekan. Alloh biluvchiroqdir!

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Maqolalar