Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Noyabr, 2026   |   3 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:08
Peshin
12:12
Asr
15:24
Shom
17:09
Xufton
18:25
Bismillah
13 Noyabr, 2026, 3 Jumadul soni, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   20501   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muqaddas safardan oladigan eng ulug‘ saboq – kamtarlik!

22.01.2026   14198   4 min.
Muqaddas safardan oladigan eng ulug‘ saboq – kamtarlik!

Alloh taolo bandalariga inoyat etgan eng ulug‘ ne’matlardan biri – haj va umra ibodatidir. Bu muborak safarlar faqatgina muayyan amallarni ado etish emas, balki insonning butun hayotini isloh qilishga qaratilgan ulug‘ maktabdir. Haj va umra – qalbni poklaydigan, nafsni tiyishga o‘rgatadigan, ixlosni mustahkamlaydigan va bandani Allohga yaqinlashtiradigan beqiyos ibodatdir. U zohiriy safardan ko‘ra, ruhiy tarbiya va axloqiy kamolot yo‘lidir.


Aslida haj va umra insonni kamtarlik, sabr, muloyimlik, soddalik va taqvoga yetaklashi lozim. Chunki Allohning uyiga borib, Uning huzurida turish sharafiga muyassar bo‘lgan inson endi o‘zini boshqalardan ustun ko‘rishdan uzoq bo‘lishi kerak.


Afsuski, ayrim hollarda haj yoki umradan qaytgandan so‘ng bu ibodatning asl mohiyati unutilib, dabdaba, ko‘z-ko‘z qilish, ortiqcha ehson va hashamatli majlislar avj olayotgani kuzatilmoqda. Ibodatdan keyin kamtarlik o‘rniga manmanlik, ixlos o‘rniga riyo, shukr o‘rniga maqtanish alomatlari paydo bo‘lishi esa haj va umraning ruhiga mutlaqo ziddir.


Hajdan qaytgan inson “Haj qildim” deb emas, balki
“Alloh meni O‘z huzuriga chaqirdi, endi Uning oldida mas’uliyatim ortdi”, degan his bilan yashashi lozim. Bu ibodatdan keyin kiyim-kechak emas – axloq o‘zgarishi, ziyofatlar emas – muomalalar go‘zallashishi, faqat tashqi ko‘rinish emas – qalb poklanishi asosiy mezon bo‘lishi kerak.


Ehson qilish – ulug‘ va savobli amal. Biroq ehson ham ixlos bilan, isrofsiz va riyodan xoli bo‘lgani ahamiyatlidir. “Odamlar nima deydi?”, degan xavotir bilan qarindosh-urug‘ yoki qo‘ni-qo‘shnini imkonidan tashqari xarajatga majburlash, ortiqcha dabdaba qilish ibodatning barakasini kamaytiradi. Ehson kimnidir qiyin ahvolga solmasligi, balki yengillik, mehr va baraka jam bo‘lishi lozim.


Bu masalada, ayniqsa, hurmatli otinoyilarimizning mas’uliyati beqiyosdir. Chunki otinoyi – faqat so‘z bilan emas, balki amali, hayot tarzi, odobi bilan tarbiya beradigan shaxsdir. Agar otinoyi haj va umradan keyin kamtar bo‘lsa, dabdabadan tiyilsa, ixlosni ustun qo‘ysa – boshqalar ham shundan o‘rnak bo‘ladi. Agar ehsonni sokinlik bilan, ko‘z-ko‘z qilmasdan qilsa, jamiyat ham shu yo‘ldan boradi.


Shuning uchun, avvalo, biz – otinoyilar o‘zimiz namuna bo‘lishimiz, o‘z hayotimizni doimo isloh qilishimiz, ibodatdan keyingi holatimiz bilan boshqalarga shrnak bo‘lishimiz shart. Zero, minbarda aytilgan nasihat uyda, mahallada, to‘y va ehsonlarda ham o‘z aksini topsin. So‘zimiz bilan amalimiz bir bo‘lsa, targ‘ibotimiz samarali va barakali bo‘ladi.


Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning muborak hayotlariga nazar tashlasak, u zotda dabdaba emas, soddalik, manmanlik emas, kamtarlik, isrof emas, qanoat ustun bo‘lganini ko‘ramiz. Agar biz chindan sunnatga ergashmoqchi bo‘lsak, aynan shu yo‘lni tanlashimiz lozim.


Haj va umra – unvon emas, bir umrlik mas’uliyatdir. Bu ibodatdan keyin yolg‘on tark etilishi, g‘iybat yo‘qolishi, isrof kamayishi, kechirim, mehr va sabr ko‘payishi kerak. Ana shunda hajimiz ham, umramiz ham nafaqat shaxsiy hayotimiz, balki butun jamiyatimiz uchun foydali bo‘ladi.


Aziz opa-singillar, hurmatli onaxonlar! Kelinglar, ibodatni dabdaba bilan emas, taqvo bilan ulug‘laylik. Eng avvalo, o‘zimiz amalimiz bilan o‘rnak bo‘laylik. Yosh avlodga haj va umrani ko‘rsatish uchun emas, hayot tarzida namoyon etish lozimligini anglataylik. Kamtarlikni shiorda emas, amalda isbotlaylik.


Alloh taolo qilgan ibodatlarimizni ixlos bilan qabul qilsin, qalblarimizni riyo, manmanlik va isrofdan asrasin. Haj va umra hayotimizni go‘zal axloq, sabr va mehr bilan bezasin, omin. 


Rizvonoy Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

 

Maqolalar