Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Kecha, 21 yanvar kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Imom Termiziy nomidagi islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi hamda Samarqand Hadis ilmi maktabida “Sahihi Buxoriy” asari xatmi kutub qilinishiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda oliy diniy ta’lim muassasalari rahbariyati, ustozlar va talabalar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirlarda so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan xatmi kutub tadbirlari soni ortib, uzluksiz davom etayotgani, xususan, “Sahihi Buxoriy” xatmi kutubi – hadis va sunnat borasidagi ilmlarni boyitish, bilim va tajriba almashish kabi manfaatlar bilan birga diyorimizga baraka va rahmat bo‘lishi alohida qayd etildi.
Jumladan, Toshkent islom institutida Qur’on tilovati bilan boshlangan marosimda institut rektori Uyg‘un G‘ofurov tadbirni kirish so‘zi bilan boshlab berdi. So‘ngra O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov yurtimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi yangilik va o‘zgarishlar, xususan, diniy ta’lim muassasalari faoliyati va ta’lim sifati tubdan yaxshilayotgani, ana shunday xatmi kutublar o‘qish yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida so‘zladi. “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi dots.nti Sayyid Rahmatulloh Termiziy “Sahihi Buxoriy” asarini xatmi kutub qilib o‘qishning fazilatlari haqida gapirdi. Katta o‘qituvchi Faxriddin domla Mamanosirov esa xatmi kutub qilish tartibi, shartlari va odoblari haqida eslatib o‘tdi.
Ustozlardan yana biri – Rahmatulloh domla Maxsumxonov xatmi kutubni boshlash ramzi sifatida “Sahihi Buxoriy” asarining avvalgi hadislarini o‘qib berdi. Boshqa hududlarda ham shu tartib asosida “Sahihi Buxoriy” asarining xatmi kutubiga kirishayotgan talabalarga duolar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, tariximizda “Qur’oni karim” xatm qilingani kabi “Sahihi Buxoriy” ham yozilganidan buyon to‘liq o‘qilib, xatm qilinib, undan baraka hosil qilingan. “Sahihi Buxoriy” to‘liq o‘qilib, xatmdan so‘ng qilingan duolar ijobat bo‘lgani juda ko‘plab tajribalardan o‘tgan haqiqat.
Alloh taolo “Sahihi Buxoriy” xatmiga kirishgan ustoz va tolibi ilmlarga kuch-quvvat berib, bu ezgu an’ana tufayli yurtimizda tinchlik-ofiyat, xayru baraka ziyoda bo‘lishini nasib aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati