Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan azon va iqoma bo‘yicha ijoza berish an’anasi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ezgu tashabbus doirasida 2026 yil 21 yanvardan boshlab “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda oliy va o‘rta islom ta’lim muassasalari ustozlari uchun “Azon darslari” tashkil etildi.
Bugun “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limida mutaxassislarni azon va iqoma bo‘yicha ijozaga tayyorlash maqsadida amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Darslar bo‘lim boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum rahbarligida o‘tkazilmoqda.
Darslarda Toshkent islom instituti va “Ko‘kaldosh” madrasasi qoshidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda mazkur ta’lim muassasalari ustozlari ishtirok etdi. Tinglovchilarning azon va iqoma bo‘yicha mahorati yakka tartibda baholanib, zarur tavsiyalar berildi.
Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarga azon va iqoma bo‘yicha ijoza guvohnomalarini topshirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati