Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
16 yanvar kuni "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida taniqli diniy ulamo Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir boshida bilim yurti talabalari tomonidan tayyorlangan Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan "Ilm va ma’rifat yo‘lida kechgan umr" mavzusidagi video rolik namoyish etildi. Mazkur lavha tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Mazkur tadbirga allomaning o‘g‘li, O‘zbekiston musulmonlari idorasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Muhammad Akmalxon Shokirov faxriy mehmon sifatida taklif etildi.
Tadbirni bilim yurti ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A. G‘aniyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm-ma’rifat rivojidagi o‘rni va diniy sohadagi fidokorona xizmatlarini alohida ta’kidladi hamda so‘zni mehmon — Muhammad Akmalxon Shokirovga taqdim etdi.
Muhammad Akmalxon Shokirov o‘z nutqida otalari — Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning hayot yo‘llari, ilmga bo‘lgan muhabbatlari va ibratli faoliyatlari haqida qimmatli xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, tolibi ilmlar uchun ilm olishning fazilati, odob-axloq va mas’uliyat masalalarida muhim maslahatlar berdilar.
Muhammad Akmalxon Shokirovning nutqidan so‘ng bilim yurti katta o‘qituvchisi J. Xolmo‘minov so‘zga chiqib, Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm yo‘lidagi mashaqqatli faoliyati, shuningdek, u zotning shogirdlari tomonidan bildirilgan e’tiroflar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida Qur’oni karim tilovat qilinib, yurtimizda ilm yo‘lida umrlarini bag‘ishlab o‘tgan allomalar haqqiga, shuningdek, Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishini so‘rab duo-xayrlar qilindi.
Bilim yurti Matbuot xizmati