Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Qohirada o‘tkazilgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ilmiy ma’ruza qilib, anjumanning mavzusi va muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan nutq so‘zladilar.
Muftiy hazratlari o‘z chiqishida bugungi kunda sun’iy intellekt juda tez rivojlanib, uning imkoniyatlaridan iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, xizmat ko‘rsatish va media sohalarida samarali foydalanilayotgani, o‘z navbatida uning afzalliklari bilan birga zararli tomonlari ham borligini, shu bois sun’iy idrokni boshqarish, tartibga solish va nazorat qilish hozirgi kunda juda ham muhimligiga urg‘u qaratdilar.
Ma’ruzada sun’iy intellekt inson hayotiga o‘zining ijobiy va salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani, jumladan, diniy suhbatlar va mav’izalarni ta’sirli roliklar orqali namoyish etish va kerakli ma’lumotlarni topishda juda qo‘l kelayotganini bayon qildilar. Biroq ba’zi insonlar shar’iy savol-javob, fatvo olishda ham sun’iy idrokdan foydalanayotgani, holbuki, bunday masalalarda undan olingan javoblarga dinimizga ko‘ra, tayanib bo‘lmasligini hujjat-dalillar bilan keltirib o‘tdilar. Zero, shariatga ko‘ra, fatvo chiqarish faqihning bevosita ishtirokini talab etishi, qolaversa, masala so‘rovchining holatiga, zamoniga, makoniga, urf-odatlariga hamda ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarga qarab javob berilishi, bunday jihatlarni sun’iy intellekt mustaqil ravishda to‘liq bajara olmasligi kabilar bilan izohlandi.
Shuningdek, nutqda sun’iy intellektdan foydanish mumkin bo‘lgan sohalarga alohida to‘xtalindi, xususan, savol-javoblarni tahlil qilish, zarur ma’lumotlarni topish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, “aqlli shahar”, “xavfsiz shahar” va “raqamli shahar” kabi bir qator yo‘nalishlarda unumli foydalanish zamonaviy taraqqiyot talabi ekani misollar bilan qayd etildi.
Anjuman ishtirokchilari Muftiy hazratlarining sun’iy idrok borasidagi xulosalari har jihatdan asosli ekanini e’tirof etib, taqdim etilgan ma’lumotlarni yuqori baholadilar. Misr tomoni iltimosiga ko‘ra, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari anjuman tafsilotlari haqida intervyu berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati