Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bugun, 19 yanvar kuni Qohirada Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashabbusi bilan tashkil etilgan sun’iy intellekt davrida kasblar va sohalar istiqboliga oid xalqaro konferensiya boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan anjuman ochilish marosimida Misr Vaqf vaziri, professor Usoma Sayyid Azhariy, Misr bosh imomi o‘rinbosari, Azhari sharif vakili, doktor Muhammad Abdurrahmon ad-Duvayniy, mamlakat muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, taniqli ulamo Shavqiy Allom, Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Tal’at Tojiddin, Bahrayn islom ishlari bo‘yicha oliy kengash raisi Shayx Abdurahmon bin Muhammad bin Roshid al-Xalifa, Iordaniya Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Muslim al-Xaloyala kabi davlat va din arboblari, musulmon olamining nufuzli shaxslari hamda 50 ga yaqin davlatdan ilmiy tadqiqot va diniy muassasalarning olim va mutaxassislari qatnashmoqda.
Xalqaro anjumanda ishtirokchilar sun’iy intellekt davrida ilm-fan, sohalar va kasb-hunarning taraqqiyot rivojidagi o‘rni va istiqboli to‘g‘risida ma’ruza qilishadi. Shuningdek, Islom olamida ayni yo‘nalishdagi amaliy yutuqlar sarhisob qilinib, zamonaviy fiqhiy masalalarga birgalikda yechim berish kabi ilmiy masalalar muhokama etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati