Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan xotin-qizlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan xayrli loyihalar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi tashabbusi hamda mas’ullari bevosita ishtirokida joylarda bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari va mahalla otinoyilari o‘rtasida «Zakovat» intellektual bellashuvlari tashkil etilmoqda.
Xususan, mazkur bilimlar bahsi Toshkent shahri, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi:
Toshkent shahrida kechgan bahslarda otinoyilar tarixiy, adabiy, mantiqiy va diniy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Yakunda «Tasnim» jamoasi 1-o‘rinni egalladi, «Ma’rifat sohibalari» 2-o‘ringa, «Oqilalar» jamoasi esa 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.
Xorazm viloyatida «Ilm — ziyo, tafakkur — kamolot sari yo‘l!» shiori ostida o‘tgan bellashuvda O‘MI Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Egamova, diniy soha vakillari hamda hudud otinoyilari qatnashib, bilim va tajriba almashishdi.
Surxondaryo viloyatida esa ishtirokchilar ijtimoiy-siyosiy, aqidaviy-fiqhiy va mantiqiy savollarga jamoaviy tarzda javob berib, yuqori tayyorgarlik namoyish etdi hamda respublika bosqichi yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi.
Mazkur intellektual tadbirlar jamiyatda, xususan, oilalar va xotin-qizlar orasida ma’naviy sog‘lom muhitni mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan otinoyilarning dunyoqarashini yanada kengaytirish va o‘zaro hamjihatligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bellashuvlar so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati