Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Malayziyaning “MATTA” va “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari rahbariyati, mahalliy turoperatorlar, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyacining Kuala-Lumpurdagi vakillari ishtirok etdi.
Malayziyalik ishtirokchilarga O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Elchixona diplomatlarining ta’kidlanishicha, hozirda vizasiz rejim 94 dan ortiq davlat, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun amal qilmoqda.
O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent bo‘yicha dasturlar, ziyorat, tarixiy-madaniy, qishki, MICE va gastronomik turizm yo‘nalishlari bo‘yicha sayyohlik paketlarini taqdim etdi.
“Uzbekistan Airways” vakillari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar haqida ma’lumot berdi. Qish mavsumida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar sonini haftasiga ikkitadan to‘rttagacha oshirish rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi sayyohlar oqimining o‘sishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
B2B formatidagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, Malayziyada ziyorat, qishki va MICE turizmi yo‘nalishlari bo‘yicha sayyohlik paketlari savdosini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati