Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy-infratuzilma obyektlarini kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu tizimli yangilanishlarning uzviy davomi sifatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tizimdagi masjidlarda 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumini barqaror va betalofat o‘tkazish, shuningdek, namozxonlar uchun qulay va issiq sharoitlar yaratish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar dasturi ijrosi ta’minlanmoqda.
Bugungi brifingimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarning eng muhim raqamlari va natijalarini e’tiboringizga havola etamiz.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha mavjud 2 163 ta masjidning 2 078 tasi (ya’ni 96,1 foizi) isitish manbalari va tizimlari bilan to‘liq ta’minlandi. Manbalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak:
973 ta masjid — tabiiy gaz;
810 ta masjid — barqaror elektr energiyasi;
295 ta masjid — qattiq yoqilg‘i (ko‘mir va o‘tin) yordamida isitilmoqda.
Hozirgi daqiqalarda qolgan 85 ta masjidda isitish tizimlarini modernizatsiya qilish va ishga tushirish bo‘yicha yakuniy bosqich ishlari reja jadvali asosida olib borilmoqda.
Davlatimizning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish siyosatiga mos ravishda, diniy-ma’rifiy sohada ham ekologik va energiya tejamkor texnologiyalar faol joriy etilmoqda. Ushbu mavsumda ushbu yo‘nalishda quyidagi ko‘rsatkichlarga erishildi:
Quyosh panellari: Respublikadagi 1 888 ta masjidda (umumiy masjidlarning 87,3 foizida) jami quvvati 13 942 kVt bo‘lgan zamonaviy quyosh panellari o‘rnatildi. Endilikda ushbu masjidlar nafaqat o‘z ehtiyojini qoplaydi, balki tarmoqqa energiya sotish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.
Issiq suv ta’minoti: Ko‘plab masjidlarda umumiy sig‘imi 189 150 litr bo‘lgan geliokollektorlar (quyosh suv isitgichlari) ishga tushirildi. Bu ibodat qiluvchilarga qish mavsumida ham uzluksiz va ekologik toza issiq suv (tahoratxonalar uchun) ta’minotini kafolatlaydi.
Mavsum davomida kutilmagan anomal sovuqlar yoki texnik uzilishlarning oldini olish maqsadida joylarda 980 tonna ko‘mir va o‘tin zaxirasi shakllantirildi.
Iqlim sharoitidan kelib chiqib, asosiy zaxiralar vodiy viloyatlariga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan tizim xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va chekka hududlardagi masjidlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dastur amalga oshirildi. Fond hisobidan jami 251 tonna ko‘mir quyidagi tartibda manzilli yetkazildi:
130 ta masjidga — 130 tonna (isitish mavsumi uchun);
Ijtimoiy ko‘makka muhtoj va chekka hududlarda xizmat qilayotgan 121 nafar masjid xodimining xonadoniga qishni betalofat o‘tkazishlari uchun 1 tonnadan (jami 121 tonna) ko‘mir bepul yetkazib berildi.
Kuz-qish mavsumida nafaqat issiqlik, balki fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash bosh vazifamizdir. Shu maqsadda Diniy idoraning hududiy vakilliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tuzilgan maxsus ishchi guruhlar tomonidan doimiy nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda asosiy e’tibor:
Isitish uskunalari, qozonxonalar va dudburonlarning texnik sozligini qayta ko‘rikdan o‘tkazish;
Yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishi;
Eng muhimi — is gazidan zaharlanish va havo aylanish tizimlaridagi nosozliklarning oldini olishga qaratilgan. Masjidlar xodimlari uchun bu bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar va texnik vazifalar belgilab berilgan.
Hurmatli hamyurtlar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlar qishgi mavsumiga to‘liq tayyor. Yurtimizdagi islohotlarga mos ravishda, masjidlarimiz nafaqat ibodat maskani, balki ijtimoiy mas’uliyat va xavfsizligi yuqori darajada ta’minlangan namunali maskanlarga aylanmoqda.
Maqsadimiz — mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizning ibodatlarini xotirjam, issiq va shinam sharoitlarda ado etishlarini ta’minlashdir.
E’tiboringiz uchun rahmat!