Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy, ijtimoiy va siyosiy mavzulardagi turli fikrlar keng tarqaladi. Ayniqsa, jamiyatdagi dolzarb voqealarni diniy nuqtayi nazardan sharhlaydigan videolar va materiallar auditoriyaga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Psixologiyada manipulyatsiya insonga uning maqsadlarini yashirin tarzda o‘zgartirish yoki muayyan harakatga undashga qaratilgan ta’sir sifatida tavsiflanadi.
Axborot sohasida manipulyatsiya turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, voqeaning faqat bir qismini ko‘rsatish, kontekstni o‘zgartirish, his-tuyg‘ularni kuchaytirish, dalilsiz xulosalar chiqarish yoki auditoriyani “biz” va “ular”ga ajratish shular jumlasidandir.
Destruktiv targ‘ibot deganda jamiyatda ishonchsizlik, adovat, keskin qarama-qarshilik yoki ijtimoiy beqarorlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan g‘oya va axborotlarni tarqatish usullari nazarda tutiladi.
YUNЕSKO axborot manipulyatsiyasi, dezinformatsiya va fitna chiqaruvchi kontentni raqamli muhitdagi muhim muammolar qatorida ko‘rsatadi. Tashkilot media va axborot savodxonligini rivojlantirish orqali odamlarni ma’lumotni tanqidiy tahlil qilishga chaqiradi.
Kontentda jamiyat doim ikki guruhga ajratilsa: “haqiqat bizda, boshqalar adashgan”, “xalq va ular”, “mo‘minlar va dushmanlar” kabi qarama-qarshiliklar muntazam takrorlansa, bu nafrat va adovat uyg‘otuvchi ma’lumotning bilgisidir.
Muayyan shaxs yoki tashkilotga jiddiy ayblov qo‘yiladi, ammo ishonchli manba, hujjat yoki tekshiriladigan dalil keltirilmaydi. Bunday holatda ham ijtimoiy beqarorlikni kuchaytiradigan axborot uzatilayotgan bo‘ladi.
Muallif faqat o‘z qarashini tasdiqlaydigan voqealarni tanlab, unga zid bo‘lgan faktlar yoki boshqa nuqtayi nazarlarni e’tiborsiz qoldirishi ham destruktiv targ‘ibot belgilaridan hisoblanadi.
Qo‘rquv, g‘azab, nafrat, aybdorlik yoki adolatsizlik hissini kuchaytirish orqali auditoriyani dalilni tekshirishdan ko‘ra emotsional reaksiyaga undash ham manipulyativ usullardan biridir.
Diniy mavzudagi kontentda oyat yoki hadis keltirilib, keyin undan muayyan siyosiy yoki ijtimoiy xulosa chiqarilsa, manbaning asl ma’nosi va bu haqdagi ulamolarning xulosalarini ham o‘rganish zarur.
Diniy matndan foydalanishning o‘zi manipulyatsiya emas. Muammo matnning ma’nosini o‘zgartirish, kontekstdan uzish yoki unga mavjud bo‘lmagan ma’noni yuklash holatida yuzaga keladi.
Destruktiv axborot kontentida ba’zan turli, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan voqealar yagona rejaning qismlari sifatida talqin qilinadi.
Masalan, “avval shu voqea bo‘ldi, keyin bu qaror qabul qilindi, demak, ikkalasining ortida ham bitta maqsad bor”.
Bunday xulosa uchun voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqlovchi ishonchli dalillar zarur. Aks holda bu faqat taxmin bo‘lib qoladi.
Dezinformatsiya odam yoki guruhni aldash yoki manipulyatsiya qilish maqsadida ataylab yolg‘on yoki chalg‘ituvchi axborot tarqatishdir. E’tibor qiladigan jihati har qanday xato ma’lumot dezinformatsiya bo‘lmaydi.
Ma’lumotning noto‘g‘ri ekani bilan birga, uni tarqatgan shaxsning niyati va axborotni qanday taqdim etgani ham muhim.
Axborotni tanqidiy qabul qilish fikrni rad etish emas, aksincha, dalilni tekshirish, kontekstni o‘rganish va xulosani mustaqil ravishda shakllantirishdir.
Media va axborot savodxonligini axborotni tanqidiy baholash va raqamli muhitda ongli qaror qabul qilish ko‘nikmalari shakllantiradi.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi