Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Sentabr, 2026   |   24 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:32
Quyosh
05:54
Peshin
12:21
Asr
16:55
Shom
18:52
Xufton
20:09
Bismillah
06 Sentabr, 2026, 24 Rabi`ul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   14615   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazida 100 nafarga yaqin imom-xatib uchun ma’rifiy tadbir va amaliy seminar o‘tkazildi

27.07.2026   60321   3 min.
Islom sivilizatsiyasi markazida 100 nafarga yaqin imom-xatib uchun ma’rifiy tadbir va amaliy seminar o‘tkazildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Namangan viloyatidan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin imom-xatib ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda amaliy seminar tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.

Ishtirokchilar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.

Tashrif davomida mehmonlarga Markaz ekspozitsiyalarida aks ettirilgan buyuk muhaddislar, mutafakkirlar, faqihlar, olimlar va davlat arboblarining jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi. Nodir qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar va raqamli texnologiyalar uyg‘unligi tarixiy merosni zamonaviy formatda taqdim etish imkoniyatini yaratayotgani alohida e’tirof etildi.

Toshkent shahridagi «Hofiz Ko‘hakiy» jome masjidi imom-xatibi Bahrom Otajonov Markazni «nafaqat muzey, balki xalqning ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsiyasini jonli namoyon etuvchi ilmiy-ma’rifiy makon» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, ekspozitsiyalarda davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik va ma’naviy merosning yaxlit konsepsiya asosida namoyon qilinishi tashrif buyuruvchilarda O‘zbekistonning sivilizatsion taraqqiyotdagi o‘rni haqida yaxlit tasavvur hosil qiladi.

– Bu markaz nafaqat muzey, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsiyasini jonli tarzda aks ettiruvchi ilmiy-ma’rifiy makondir. Bu yerda insoniyat taraqqiyotining muhim bosqichlari, ajdodlarimizning ilm-fan, davlatchilik, me’morchilik va ma’naviyat sohasidagi buyuk merosi yaxlit holda namoyon qilingan. Ayniqsa, Amir Temur davri, Qur’oni karim, dunyoviy ilmlar va tarbiya masalalarining bir makonda uyg‘unlashtirilgani insonni chuqur o‘yga toldiradi. Bu yerga kelgan har bir kishi O‘zbekistonning naqadar boy tarix va yuksak sivilizatsiya sohibi ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi, – dedi Bahrom Otajonov.

Imom-xatiblar Markazning zamonaviy kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Minglab qo‘lyozmalar, nodir kitoblar va ilmiy nashrlarni o‘z ichiga olgan fond islomshunoslik, moturidiylik, hadisshunoslik, fiqh, tafsir va boshqa yo‘nalishlarda tadqiqot olib boruvchi olimlar hamda yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy resurs sifatida baholandi.

Olmazor tumanidagi «Imom at-Termiziy» jome masjidi imom noibi Mansur Musaxon Markazda saqlanayotgan Hazrati Usmon mus'hafini butun islom olami uchun ulkan ma’naviy boylik deb atadi. Uning fikricha, ajdodlar merosining zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyon etilishi yosh avlodning tarixiy xotirasi va ma’naviy tarbiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Bu yerdagi har bir ekspozitsiya alohida ma’no va tarixni o‘zida mujassam etgan. Eng katta taassurot qoldirgan jihatlardan biri — asl Hazrati Usmon mus'hafining shu yerda saqlanayotganidir. Bu nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun ulkan ma’naviy boylikdir. Shuningdek, ajdodlarimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi zamonaviy yondashuv asosida namoyon etilgani yosh avlod uchun katta ibrat maktabidir. Tarixi va ildiziga qiziqqan har bir inson bu maskanga albatta tashrif buyurishi kerak, – dedi Mansur Musaxon.

Tadbir doirasida din ishlari sohasi mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar ham o‘tkazildi.

Kosonsoy tumani bosh imom-xatibi Qodirxon Azizov seminar raqamli boshqaruv tizimlari diniy sohada ham samaradorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, Markaz kutubxonasida shakllangan boy ilmiy fond islom ilmlari bo‘yicha izlanish olib boruvchilar uchun muhim manba ekanini qayd etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat muzey yoki madaniy meros obyekti, balki ilmiy tadqiqotlar, ta’lim, xalqaro hamkorlik va ma’rifiy muloqotni birlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanib borayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari