Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19757   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib al-Azharda malaka oshirmoqda

04.11.2026   53012   1 min.
O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib al-Azharda malaka oshirmoqda

Misr Arab Respublikasidagi nufuzli al-Azhar majmuasida O‘zbekistondan borgan 20 nafar imom-xatib uchun malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Shu yil 30 oktyabrdan 15 noyabrga qadar davom etadigan mashg‘ulotlar diniy soha vakillarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini oshirish va xalqaro tajribani o‘zlashtirishga qaratilgan.

Al-Azhar imomlar, va’zxonlar va fatvo tadqiqotchilarini tayyorlash akademiyasida o‘tayotgan darslarda imom-xatiblar arab tili, dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar, fatvo berish metodologiyasi hamda mutaassiblikka qarshi kurashish yo‘nalishlarida Misrning yetuk olimlaridan saboq olmoqda.

Shuningdek, imom domlalarimiz al-Azhar majmuasining ta’lim tizimi va diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish tajribasi bilan tanishmoqda.

Mazkur o‘quvlar imom-xatiblarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, aholiga Islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri va ta’sirchan yetkazish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish hamda yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 Malaka oshirish davomida olingan bilim va tajribalar yurtimiz masjidlaridagi diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari