Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19754   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Gaz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalardan ehtiyot bo‘laylik!

04.11.2026   36841   5 min.
Gaz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalardan ehtiyot bo‘laylik!

Alloh taolo insoniyatga juda ko‘p ne’matlar berganki, ularni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik va farovonlik ne’matidir.


Musulmon inson o‘zi va yaqinlari jonini hamisha ehtiyot qilishi, sog‘lig‘iga beparvo bo‘lmasligi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi:

﴿وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ﴾

ya’ni: “...o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195-oyat).


Kuz-qish mavsumi kelib, havo harorati pasayib bormoqda. Tabiiyki, aholi o‘z xonadonlarini isitish choralarini ko‘ra boshlaydilar. Elektr isitish asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki yoqilg‘ining boshqa turlaridan foydalanadilar.


Afsuski, oxirgi paytlarda yurtimizning turli go‘shalarida mazkur isitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yong‘in hamda tabiiy va is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lmoqda. Achinarlisi, bunday voqealar insonlarning turli xil tan jarohati olishi yoki o‘limi bilan yakunlanmoqda.


Ushbu ayanchli holatlar asosan tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanish, nazoratsiz qoldirishi, isitish qurilmalaridagi nosozliklar sababli yuzaga kelmoqda. Shuningdek, mo‘rilarni yozda (qushlar in qurishidan, chang va qora kuya tushishidan ehtiyot qilish maqsadida) berkitib, isitish mavsumi kelganida e’tiborsiz qoldirish, ya’ni ochish, tozalash, ta’mirlashni
unutish – xonaga is gazining to‘lishiga olib keladi.


Soha mutaxassislarining xabar berishlaricha isitish mavsumi boshlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, shu kunga qadar yurtimizda 10 ga yaqin baxtsiz hodisalar ro‘y bergan bo‘lib, buning natijasida insonlarning sog‘ligi va mol-mulklariga jiddiy ziyon yetgan. Eng achinarlisi – bu baxtsizliklar voyaga yetmagan yosh bolalarning hayotiga zomin bo‘lgan.


Dinimiz har bir sohada inson o‘z joniga talofat yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlardan saqlanishi, buning uchun zarur choralar ko‘rishi kerakligi uqtirilgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"أَغْلِقْ بَابَكَ وَاذْكُرِ اسْمَ اللهِ فَإِنَّ الشَّيْطَانَ لاَ يَفْتَحُ بَابَا مُغْلَقًا وَأَطْفِ مِصْبَاحَكَ وَاذْكُرِ اسْمَ اللَّهِ، وَخَمِّرْ إِنَاءَكَ وَلَوْ بِعُودٍ تَعْرِضُهُ عَلَيْهِ وَاذْكُرِ اسْمَ اللَّهِ، وَأَوْكِ سِقَاءَكَ وَاذْكُرِ اسْمَ اللَّهِ"  

(أَخْرَجَهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالاِمَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالامَامُ التِّرْمِذِي عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رضي الله عنه)

ya’ni: “Eshigingni Allohni ismini aytib qulfla. Chunki shayton qulflangan eshikni ocholmas. Allohni ismini aytib chirog‘ingni o‘chir. Allohni ismini aytgan holda idishingni ustini garchi bir cho‘pni ko‘ndalang qo‘yish bilan bo‘lsa-da yopib qo‘y, meshingni (og‘zini) bog‘lab qo‘y”, – deganlar. 


Boshqa rivoyatda esa:

“...Yotishdan oldin chiroq (fonus)larni o‘chiring. Sababi sichqon pilikni olib, xonadon sohiblarini yoqib yuborishi mumkin” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziylar Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan).


Ushbu hadisda bir qancha foydali maslahatlar berilmoqda. Ayniqsa, xonadonda yong‘in kelib chiqmasligi uchun ehtiyot chorasini ko‘rish lozimligi ta’kidlanmoqda.


Shunday ekan is gazidan zaharlanish hamda gaz chaqnash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yuzaga kelish omillarini bartaraf etishga har birimiz e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.


Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, ozgina beparvolik nafaqat o‘zimiz, balki oila a’zolarimiz, qo‘shnilarimiz va boshqalarga zarar yetkazishi mumkin. Zero, dinimiz o‘zgalarga zarar berish emas, balki, yaxshilik va ezgu ishlarda ko‘makchi bo‘lishga buyuradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

" لا ضرر ولا ضرار "

)رواه ابن ماجه والدارقطني عن أبي سعيدٍ الخدري رضي الله عنه(

ya’ni: “(Islomda) zarar ko‘rish ham zarar berish ham yo‘q”, – dedilar (Imom Ibn Moja va Imom Doraqutniy Abu Saiyd al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan).


Demak, yuqoridagi oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, har bir musulmon inson, avvalo, o‘zi va ahli oilasini, qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilari, yoru do‘stlarini hayotini xavf ostiga qo‘yishdan saqlanishi lozim.


Alloh taolo xonadonlarimizni va oila a’zolarimizni turli ofatlardan O‘zi panohida asrasin. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati