Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Sentabr, 2026   |   26 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:56
Peshin
12:21
Asr
16:52
Shom
18:49
Xufton
20:06
Bismillah
08 Sentabr, 2026, 26 Rabi`ul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   14786   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

09.07.2026   53710   1 min.
Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda: O‘zbekiston o‘z tarixi va diniy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashmoqda

—  O‘zbekistonning dunyo hadis ilmiga taqdim etgan eng katta tuhfasi – Imom Buxoriy va u zotning boy merosidir. Buxoriy maqbarasi nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki butun islom sivilizatsiyasining bebaho ma’naviy va madaniy merosidir. Bu maskan har bir o‘zbek uchun qanchalik aziz bo‘lsa, butun musulmon olami uchun ham shunchalik qadrlidir.

Sobiq sho‘ro tuzumi davrida vayron qilingan ushbu muqaddas qadamjoning qayta tiklanishida yoshligimda ishtirok etganman. O‘sha yillarda bu maskanning yana o‘zining munosib ulug‘vor qiyofasiga qaytishi uchun ustozlarimiz bilan qilgan duolarimiz bugun ijobat bo‘lganini ko‘rib, qalbim cheksiz quvonchga to‘lmoqda.

Samarqandning shuhratini yanada yuksaltirgan, Imom Buxoriy maqbarasini uning muqaddasligiga munosib muhtasham majmuaga aylantirgan, Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etgan muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga chuqur ehtirom va samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Bu ishlar O‘zbekistonning o‘z tarixi, dini va ma’naviy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashayotganining yorqin namunasidir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan fundamental ishlar bugun xalqaro miqyosda munosib baholanmoqda. Islom mutafakkirlari merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu ezgu ishlarga hissa qo‘shayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, ICESCO hamda ushbu sohada mehnat qilayotgan barcha olimlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Alloh taolo O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini doimo o‘z panohida asrasin.
 
Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, 
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi

MAQOLA