Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi