Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
VAQT QADRI VA UNDAN UNUMLI FOYDALANISH
Ba’zi insonlarda sog‘lom hayot kechirish uchun har kuni albatta sakkiz soat uxlash kerak, degan tushuncha bor. Ammo aslida uyqu miqdori har bir insonning holati, ehtiyoji va organizmiga bog‘liq. Asosiy maqsad — ma’lum bir soatni to‘ldirish emas, balki tetik va faol holatda uyg‘onishdir.
Kimdir olti soat uxlab ham kun davomida samarali faoliyat olib borishi mumkin, boshqa birovga esa ko‘proq dam olish kerak bo‘ladi. Muhimi — inson uyqusini tartibga solishi va vaqtini qadrlashi lozim.
ULUG‘ ZOTLAR HAYOTIDAN NAMUNALAR
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh bir kitobdan charchasa, boshqasiga o‘tar, uyqusi kelganda esa o‘zini suv bilan sergaklashtirib, yana ilm bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Mufassir Alusiy rahmatullohi alayh kechalari tafsir yozar, kunduzlari esa dars berar edilar. Uning ilmiy merosi qanchalik ulkan ekani bu mehnatning samarasidir.
VAQTNI BЕHUDA SARFLAMASLIK
Inson hayotida eng qimmatli boylik — vaqtdir. Pulni yo‘qotgan odam uni qayta topishi mumkin, ammo o‘tgan vaqt hech qachon qaytmaydi.
Imom Hofiz Munziriy rahmatullohi alayh haqida aytadi: “Men kechayu kunduz ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan, hatto ovqatlanayotganda ham ilmdan uzilmaydigan insonlarni ko‘rdim”.
BO‘Sh VAQTNI TO‘G‘RI BOSHQARISH
Ba’zan inson bir necha daqiqa dam olish uchun o‘tiradi, ammo bu vaqt sezilmay soatlarga aylanib ketadi. Natijada umrning katta qismi foydasiz ishlarga sarflanadi.
Shuning uchun har bir inson: “Men sarflayotgan bu vaqtim menga yoki boshqalarga qanday foyda keltiradi?” deb o‘zidan so‘rashi kerak. Agar javob bo‘lmasa, u ishdan voz kechish afzal.
VAQTDAN FOYDALANISHGA ZAMONAVIY MISOL
Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda insonlar hatto qisqa kutish vaqtlaridan ham unumli foydalanishga odatlangan. Masalan, transportda, navbatda yoki uchrashuv boshlanishini kutayotganda ular kitob o‘qiydi, rejalar tuzadi yo biror ish bilan shug‘ullanadi.
Bu yangi odat emas. Aslida bu – musulmon ulamolari asrlar davomida amal qilgan tamoyildir.
HAR BIR YIG‘ILISH FOYDALI BO‘LSIN
Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayhi Asmoiyga bunday nasihat qilgan: “Agar biror joyga borishing ilm olish, yaxshilik qilish yoki foydali maqsad uchun bo‘lsa — bor. Ammo behuda suhbat, g‘iybat va vaqtni isrof qilish uchun bo‘lsa — undan saqlan”.
Insonning uchrashuvlari ham, suhbatlari ham foydali bo‘lishi kerak. Ovqatlanish, mehmonchilik, do‘stlar bilan uchrashish — barchasi yaxshi niyat va foydali maqsad bilan bo‘lsa, qadrlidir.
XULOSA
Ulug‘ insonlarning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: Vaqt – Alloh bergan eng katta ne’matlardan biri. Uni qadrlagan inson dunyosi va oxirati uchun katta yutuqlarga erishadi.
Shuning uchun har bir lahzamizni ilm, ibodat, mehnat va foydali ishlar bilan bezashga harakat qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD