Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.
Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.
Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.
Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.
Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.
Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.
Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.
Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: “Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin”, der edilar.
Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.
Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.
Davron NURMUHAMMAD