Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Ba’zan ayb o‘zimizdan o‘tsa-da, kechirim so‘rashga shoshilmaymiz. Xo‘sh, bizni borimizcha suygan, ardoqlagan insonlar bilan arzimas mayda-chuydalar, jilovlanmagan hissiyotlar va soxta g‘urur tufayli devorlar qurayotganimizda, aslida kim g‘olib bo‘ladi?..
Hayot bizga uzoq bir safardek tuyuladi, ammo u aslida juda qisqa. Bugun kimgadir zahringizni sochayotgan, jahl otiga minayotgan bo‘lsangiz, bir lahza to‘xtang... Ertaga o‘sha insonni bag‘ringizga bosish, ovozini eshitish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lib qolishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring.
Vaqt — shafqatsiz hakam. Yillar biz o‘ylagandan ham shiddat bilan uchib o‘tadi. Ko‘zni ochib yumguncha bolalarimiz ulg‘ayganini, sochlariga oq oralagan ota-onamizning yanada cho‘kib, keksayib qolganlarini sezmay qolamiz. Va bir kuni... atrofimizni faqat sovuq va sukunat qoplagandagina kech anglaymiz.
Gohida telefoningizga kelgan o‘sha oddiy xabar haqiqatan ham eng oxirgisi bo‘ladi. Gohida «keyin gaplashamiz» deya aytilgan so‘zdan so‘ng, o‘sha «keyin» hech qachon kelmaydi.
Yoningizdagi insonlarning tirikligida, nafas olib turganida qadriga yeting. Ko‘ksingizni to‘ldirib turgan soxta g‘ururni yengib, birinchi bo‘lib qadam tashlang: «Kel, urushmaylik, sen men uchun azizsan», deyishga kuch toping. Chunki bu dunyoda haq bo‘lib chiqishdan ko‘ra armonlarsiz, baxtli yashash muhimroqdir.
Akbarshoh RASULOV