Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19721   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Umra+» dasturi doirasida uch mamlakat ziyoratchilari uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga bepul tashriflar tashkil etmoqda

02.11.2026   56265   4 min.
«Umra+» dasturi doirasida uch mamlakat ziyoratchilari uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga bepul tashriflar tashkil etmoqda

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan «Umra+» dasturi orqali O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy ziyoratchilar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markaziga bepul ma’rifiy tashriflar tashkil etilmoqda. Mehmonlar muqaddas qadamjolarga yo‘l olishdan avval Markaz ekspozitsiyalari orqali buyuk allomalar merosi, islom sivilizatsiyasining ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida shakllangan ilmiy an’analar bilan tanishmoqda. Tashkilotchilar kelgusida Malayziya va Indoneziyadan ham ziyoratchilarni jalb etishni rejalashtirmoqda, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘zbekistonda ziyorat turizmini tarixiy-madaniy meros bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan «Umra+» dasturi doirasida xorijiy mehmonlar uchun yangi ma’rifiy imkoniyatlar yaratilmoqda. Dastur orqali mamlakatga tashrif buyurayotgan ziyoratchilarning Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuvi ularning sayohat dasturiga kiritilgan.

Tashriflar davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mehmonlarga O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, buyuk muhaddislar, mutafakkirlar va qomusiy olimlarning ilmiy-ma’naviy merosi haqida ma’lumot berilmoqda.

Markazning tarixiy ekspozitsiyalari orqali ziyoratchilar islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida Movarounnahrning tutgan o‘rni, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlaridagi ilmiy yuksalish, shuningdek, ajdodlarimizning matematika, astronomiya, tibbiyot, diniy ilmlar va boshqa sohalarga qo‘shgan hissasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Mazkur yondashuv ziyorat safarlarini faqat tarixiy qadamjolarni ziyorat qilish bilan cheklamasdan, ularning ilmiy va ma’naviy ahamiyatini chuqurroq anglashga qaratilgan dasturlar bilan boyitish imkonini beradi.

«Umra+» xalqaro turizm assotsiatsiyasi bosh direktori Nuriymon Abulhasanning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashkil etilayotgan tashriflar dasturning muhim ma’rifiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ziyoratchilar Markazda tarixiy meros va buyuk allomalar haqida keng qamrovli ma’lumot olib, keyingi ziyorat manzillariga yanada boy bilim va tasavvur bilan yo‘l olmoqda. Ayniqsa, xorijiy mehmonlar uchun Markazga bepul kirish imkoniyati yaratilgani dastur tashkilotchilari tomonidan ijobiy baholanmoqda. Nuriymon Abulhasanning ma’lum qilishicha, «Umra+» dasturi doirasidagi tashabbuslar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan cheklanib qolmasligi rejalashtirilmoqda. Assotsiatsiya kelgusida Malayziya va Indoneziyadan keladigan ziyoratchilarning ham Islom sivilizatsiyasi markaziga tashriflarini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.

Mazkur rejalar O‘zbekistonda «Umra+» ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturi bilan hamohangdir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi 6-son qaroriga muvofiq, 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan ziyorat turizmi yo‘nalishida keluvchilar sonini 100 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Hukumat dasturida xalqaro ziyorat yo‘nalishlarini kengaytirish, turoperatorlarni rag‘batlantirish, sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini xorijiy bozorlarda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Markazga tashrif davomida mehmonlar O‘zbekistonning buyuk tarixi, birinchi va ikkinchi Renessansga asos solgan olim-u ulamolarimiz haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lib, ular haqidagi batafsil ma’lumotlarni o‘rganib, shundan so‘ng muqaddas ziyoratlarga borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bugungi kunda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va qo‘shni Tojikistondan kelayotgan ziyoratchilarni aynan mana shu Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelyapmiz. Bu borada Turizm qo‘mitasi biz bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ziyoratchilar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilishida bevosita ishtirok etmoqda.

Shu munosabat bilan, “Umra+” ziyorati orqali O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markaziga bepul kirish imkoniyatiga ega ekanidan juda ham xursandmiz va mamnunmiz, — dedi Nuriymon Abulhasan.

Uning ta’kidlashicha, ekspozitsiyalardagi ma’lumotlarning ko‘lami, tarixiy jarayonlarning izchil yoritilishi va buyuk allomalar merosining yaxlit taqdim etilishi xorijiy ziyoratchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Markaziy Osiyodan kelayotgan ziyoratchilar uchun yo‘lga qo‘yilgan tashriflar va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘liq istiqbolli rejalar esa O‘zbekistonning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi xalqaro aloqalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarning amaliy ko‘rinishidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari