Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Agar Alloh huzuridagi qadringni bilmoqchi bo‘lsang, U seni nimada mashg‘ul qilib qo‘yganiga nazar sol”.
Sharh: Insonlar odatda o‘z qadrini molu dunyosi, lavozimi, ilm darajasi yoki xalq orasidagi obro‘si bilan o‘lchaydilar. Ammo Alloh nazdidagi haqiqiy qadr dunyo matohlari, obro‘-e’tibor bilan emas, balki insonning nimaga muvaffaq qilingani bilan bilinadi.
Agar Alloh taolo bandasini:
namozga,
Qur’on tilovatiga,
ilm o‘rganish va o‘rgatishga,
ota-ona xizmatiga,
odamlarga manfaat yetkazishga,
yaxshi axloq va solih amallarga muvaffaq qilgan bo‘lsa, bu Allohning unga bo‘lgan lutfi va ehsonidan dalolat.
Allohning nazdidagi qadringni bilishni istasangiz, tilingizni nima bilan, qalbing nima bilan va umringizni nima bilan o‘tayotganiga qarang. Chunki Alloh bandasini O‘zi yaxshi ko‘rgan ishlarda ishlatadi.
Aksincha, inson vaqtini behuda ishlarga, gunohlarga, g‘iybatga, dunyoparastlikka sarflayotgan bo‘lsa, bu uning ziyonda ekani, o‘zini jiddiy hisob-kitob qilib, tavba qilmasa U Zotning azobiga qolishiga sabab bo‘ladi.
Bu hikmat “Alloh menga nima berdi?” degan savoldan ko‘ra, “Alloh meni nimaga muvaffaq qildi?” degan savol muhimroq ekanini o‘rgatadi. Chunki ne’matning eng buyugi – Allohga yaqinlashtiruvchi amallarga muvaffaq bo‘lishdir.
Demak, har bir inson vaqti-vaqti bilan o‘ziga shunday savol berib turishi lozim: “Kunlarim nimalar bilan o‘tmoqda? Qalbim nimaga bog‘langan? Ko‘proq qaysi ishlar bilan mashg‘ulman?”.
Chunki bandaning Alloh nazdidagi maqomiga ishora qiluvchi muhim belgilardan biri – uning qaysi ishlarga muvaffaq qilib qo‘yilganidir.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li