Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Da’vo: Hijrat va jang yo‘lini tanlaganlar haq yo‘lda.
Raddiya: Sahobalarning janglari: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rahbarligida davlat va jamoat hukmi bilan, aniq shar’iy qoidalar asosida bo‘lgan.
Bugungi kunda ayrim guruhlarning o‘zboshimchalik bilan qurol olishi, davlat, jamiyat va ulamolarga qarshi chiqishi sahobalar amaliga umuman o‘xshamaydi.
2. Hijrat – mutlaq va doimiy farzdek ko‘rsatilishi noto‘g‘ri.
Hanafiy–Moturidiy aqidasiga ko‘ra, hijrat sharoitga bog‘liq hukm; agar inson o‘z yurtida: dinini saqlab yashay olsa, farz-voҷiblarni ado etsa, fitna va kufrga majburlanmasa, unda hijrat farz emas.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ochiq aytganlar: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (ya’ni Makka hijrati kabi umumiy hijrat tugadi).
Demak, hijratni har zamon va har joyda barchaga majburiy qilib ko‘rsatish – fiqhga zid.
3. “Jang va xavf – haq yo‘l belgisi” degan tasavvur botil.
Islomda haq yo‘lning mezoni – Qur’on, sunnat va jamoat. Jang, urush, qon to‘kish va xavf esa, fazilat emas.
Abu Mansur Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, Alloh bandalari uchun omonlik, adolat va hayotni asrashni istaydi.
Jang: faqat zaruratda, qonunli hokimiyat ostida, fitnani to‘xtatish uchun bo‘ladi.
Zo‘ravonlikni “jihod ruhi” deb ko‘rsatish – jihod tushunchasini buzishdir.
4. “Mujohidlar” obrazini qahramonlashtirish – xavfli g‘oya
Ahli sunna manhajida: qahramon – shariatga itoat qilgan,jamiyatga zarar keltirmagan, qon to‘kishdan ehtiyot qilgan kishi.
O‘zboshimchalik bilan qurol ko‘targan, fitna chiqargan, musulmon yurtlarini vayron qilgan shaxslar mujohid deb emas, balki fitnachi deb baholanadi.
Xulosa, Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasiga ko‘ra:
1. Sahobalar hayotini zamonaviy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – botil.
2. Hijrat har kimga, har joyda farz, degan da’vo noto‘g‘ri.
3. Zo‘ravonlikni jihod deb oqlash – Islomga xiyonat.
4. Bunday ma’ruzalar ilmga emas, radikallashuv va fitnaga xizmat qiladi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi