Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bugun, 27 oktyabr kuni Urganch shahridagi Xorazm viloyati vakilligining yangi binosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida respublika imom-xatiblarining ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir an’anaga ko‘ra Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Ilmiy-amaliy seminarda so‘zga chiqqan Muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarga alohida to‘xtaldilar.
Xususan, yaqindagina ochilgan muhtasham Imom Moturidiy majmuasi, so‘nggi yillarda bunyod etilgan ko‘rkam masjidlar, imom-xatiblarning tobora yuksalib borayotgan ilmiy salohiyati hamda diniy soha xodimlarining xayriya tadbirlaridagi faolligi aniq raqamlar va ta’sirchan hayotiy misollar asosida aytib o‘tildi.
Shuningdek, Xorazm viloyati imom-domlalari va otinoyilarining faoliyatiga alohida to‘xtalib, jamoat uchun har kuni fidoyilik qilib kelayotgan imom domlalar namuna qilib ko‘rsatildi.
Yurtimiz bosh imomlari ishtirokidagi seminarda diniy soha xodimlari uchun yangi xushxabarlar va tashabbuslar e’lon qilindi: 2027 yildan boshlab tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarni manzilli rag‘batlantirish maqsadida fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) olganlar va oilaviy ajrimlarning oldini olishda faollik ko‘rsatganlarga katta mukofotlar berilishi belgilandi.
Yig‘ilish davomida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi hamda viloyatlar bosh imom-xatiblarining joylarda amalga oshirilayotgan ishlar va yangicha yondashuvlar bo‘yicha axborotlari tinglandi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman soha vakillarining kasb-mahoratini yuksaltirish, o‘zaro tajriba almashish va faoliyatga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda ulkan ahamiyat kasb etdi. Seminar davomida belgilab olingan ustuvor vazifalar va ezgu maqsadlar barcha ishtirokchilarni xayrli amallar sari ruhlantirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati