Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
اللهُ أكبر اللهُ أكبر لا إلهَ إلَّا الله واللهُ أكبر اللهُ أكبر ولله الحَمْد
O‘qilishi: Allohu akbar, Allohu akbar, Laa ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd.
Ma’nosi: Alloh buyukdir, Alloh buyukdir. Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Alloh buyukdir, Alloh buyukdir va hamd Alloh uchundir.
Takbiri tashriq 26 may bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni - 30 may asr namoziga qadar (asr namozida ham) aytiladi:
• 26 may — 5 mahal
• 27 may — 5 mahal
• 28 may — 5 mahal
• 29 may — 5 mahal
• 30 may — 3 mahal
Jami 23 mahal namozda takbiri tashriqni bir marotaba aytish vojib amal sanaladi.
Ushbu takbir xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytiladi.
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar.
Namozga kechikib qo‘shilgan kishi ham namozini to‘liq o‘qib bo‘lganidan keyin takbiri tashriqni aytadi.
Davron NURMUHAMMAD