Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bugungi kunda namozxonlar orasida ishorii sabboba qanday amal va uning qachon qilish kerak degan savollar ko‘p eshtilmoqda. Hanafiy mazhabimizda ishorai sabboba sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha xadisu shariflar vorid bo‘lib quydagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishligi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddin Kosoniy “Badoius Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur rioya”, “E’lous-sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobeinlar, amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibr Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibni Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi ishorai sabboba haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
Ishorai sabboba qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va imom Muhammmad, imom Molik, imom Shofiiy, imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar ishorai sabboba sunnat ekaniga ittifoq qilishgan.
Ishorai sabboba degani tashahhuddagi “Ashhadu allaa ilaha illallohu” degan iborani o‘qigan paytda “Laa ilaha” degan joyida o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga ko‘tarishga aytiladi. Bu masalada fuqaholar ixtilof qilishgan. Ko‘pchilik ulamolar bu amalni sunnat deyishgan.
Shunga ko‘ra, bu masalada ixtilof qilmasdan har bir namozxon o‘zining ustozi o‘rgatganidek namoz o‘qib, ishorai sabboba qilganlarni yoki qilmaganlarni tanqid ostiga olmasligi lozimdir.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam (tashahhudda) duo qilsalar (ko‘rsatgich) barmoqlari bilan ishora qilar va uni haraktlantirmas edilar” (Imom Nasoiy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisinig sanadini Imom Navaviy rahimahulloh sahih deganlar. Mulla Aliy Qoriy rahimahulloh mazkur hadis sharhida bunday deydilar: “Hadisdagi “duo qilsalar”dan murod tashahhud duosini o‘qisalar, deganidir. Chunki tashahhud o‘z ichiga duoni ham qamrab olgani sababli, uni duo deyish mumkin” (“Mirqotul mafotiyh” kitobi 3-juz, 454 bet).
Bu hadisi sharif barmoqni faqatgina bir marta ko‘tarib, ishorada barmoqni qimirlatmaslik kerakligiga ochiq-oydin dalolat qilmoqda. Qolaversa, namozda barmoqni qimirlatish behuda ish bo‘lib, namozda behuda ish qilish makruhdir.
Bu masalada hanafiy mazhabidagi keyingi ulamolarimiz “Har kimning ustozi ishorai sabbobani qilishni o‘rgatgan bo‘lsa,qilsin, aks holda uni qilmasin. Muhimi ixtilofga sabab bo‘lmasin”, deb tavsiya qilganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak ishorai sabbobani tashaxxudga o‘tirganda, tashaxxud duosini o‘qib “Ashhadu allaa” deganda o‘ng qo‘lni ko‘rsat barmog‘ini ko‘tariladi, “illalloh” deganda tushiriladi. Tashaxxud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turishlik durust emas. Shuni ta’kidlash lozimki ishorai sabboba rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Yunusxon UMAROV,
Kosonsoy tuman “Sadpiri Komil” jome masjidi imom-xatibi