Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Savol: Madinai munavvaraga borgan ziyoratchilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari qarshisida turib, U zotga salom va salavot aytadi. Shu salom va salavotni past ovozda yoki qalb orqali yo‘llash kifoya qiladimi yoki qabrga yetib boradigan darajada baland ovozda aytish kerakmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak zotlari va u zotga bog‘liq bo‘lgan har bir holatda odob-axloq qoidalariga rioya qilish har bir musulmon erkak va ayol uchun lozimdir. Ayniqsa, Alloh taolo Madinai munavvaraga borish va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilishga muyassar etgan baxtli inson Sarvari olamga salom aytishni yuksak odob saqlagan holatda amalga oshirishi talab etiladi. Shuning uchun salom va salavot yo‘llash hamda duo qilish vaqtida ovozni haddan tashqari baland ko‘tarmaslik go‘zal islomiy odobdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda Ul zot alayhissalomga nisbatan qanday ovozda murojaat qilishni o‘rgatib, bunday marhamat qilgan:
Ana shulardan kelib chiqib, ulamolarimiz qabri sharif qarshisida turib salom yo‘llash borasida quyidagi tavsiyalarni beradilar:
“Qabr devorining pastki qismiga nigohini qaratgan holda, haybat va ehtirom maqomida ko‘zlarini quyi solib, qalbini dunyo aloqalaridan forig‘ qilib turadi. Qalbida o‘zi turgan maqomning ulug‘ligini va huzurida turgan zotning yuksak maqomini his qiladi. So‘ngra ovozini balandlatmasdan, mo‘tadil holatda salom berib, bunday deydi: “Assalamu alayka ya Rasulalloh, Assalamu alayka ya Nabiyalloh”.
Demak, ziyoratchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabri shariflari oldiga borganda baland ovozda salom aytishi odobga ziddir. Odobning talabi shuki, past ovozda salavot va salom yo‘llab, ojizlik va tavozelik bilan shafoat so‘rab duo qiladi. Agar salom bergandan so‘ng o‘sha yerda to‘xtab duo qilish boshqalarga ozor berishga, tirbandlikka sabab bo‘lsa, u holda odob bilan salom berib, oldinga qarab yurib, undan keyin qiblaga yuzlangan holda duo qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.