Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Tun zulmati shiddatlashgan zamon,
Tezda nur sochib kelar go‘zal tong.
Adiblarning biri aytadi: "Agar zamondan barcha ishlaringiz siz xohlagandek bo‘lishi va faqatgina sizga yoqadigan narsalarni berishi to‘g‘risida va’da olganman deb biladigan bo‘lsangiz, unda har safar o‘ylaganlaringiz amalga oshmagan vaqtda o‘zingizni g‘am-anduh ko‘chalariga tashlashga tayyor turavering. Agar siz kunlarning gohida siz o‘ylaganingizni berib, gohida bermasligini, gohida sizga bergan hadyasini tezda qaytarib olishini va bu narsa sizdan oldin o‘tgan qasr sohiblariyu chaylalarda kun kechirgan odam bolalarining barchasida ro‘y berganini anglagan bo‘lsangiz, mahzunlikni kamaytiring va ko‘z yoshlaringizni arting! Siz zamonning zaharli o‘qlari tekkan birinchi inson emassiz. Mahzunlik daftaridagi eng avvalgi musibat sizga yetgani yo‘q, o‘zingizni qo‘lga oling".
Shu’la: O‘tib ketgan gunohlar haqida o‘ylashni to‘xtating. Uning o‘rniga tez orada o‘sha gunohning o‘rniga qo‘yadigan yaxshi amallaringiz haqida o‘ylang.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan