Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Oktabr, 2026   |   6 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:18
Quyosh
06:37
Peshin
12:08
Asr
15:56
Shom
17:44
Xufton
18:58
Bismillah
17 Oktabr, 2026, 6 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   16939   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Sabrning fazilati va savobi

07.05.2026   12272   2 min.
Sabrning fazilati va savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh sobir (sabrli)larni O‘z lutfi karami bilan mukofotlab, xos bandalaridan ayladi. Yaratgan marhamat qildi:

“Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur” (Zumar surasi, 10-oyat).

Alloh Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga amr etdi:

“Bas, go‘zal sabr ayla!” (Maorij surasi, 5-oyat).

Boshiga balo, musibat tushgan odam odamlar orasida ichki iztirobini bildirmay, o‘zini odatiy tarzda tutsa, u go‘zal sabr etuvchilardandir.

Alloh mo‘minlarga o‘z nafslari bilan kurashishda, shuningdek, odamlar bilan o‘zaro munosabatda sabr ko‘rsatishlarini buyurdi:

“Ey mo‘minlar, sabr qilingiz va sabr-toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘lingiz hamda doimo (kurash – jihod uchun belingiz bog‘liq holda) hozir turingiz! Va Allohdan qo‘rqingizkim (shunda) shoyad najot topgaysizlar!” (Oli Imron surasi, 200-oyat).

Alloh qo‘llab-quvvatlamasa banda sabr etolmasligini ham Allohning O‘zi uqtiradi:

“Sabr ko‘rsat, bu esa faqat Allohning yordami bilangina mumkin bo‘lur!” (Nahl surasi, 127-oyat).

Sabr fazilatini hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tushuntirganlar:

“Sabr – dinning yarmi, haqiqiy ilm va komil ishonch esa dinning hammasidir (to‘liq dindir)” (Alqamadan rivoyat qilingan, Bazzor rivoyati).

U zot sollallohu alayhi vasallam, shuningdek, yana aytganlarki: “Musibatda sabr etib, Alloh lutfidan umid qilib rizolik ko‘rsatish, qullar ozod etishdan ham afzalroqdir” (Imom Suyutiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Musulmonning sabri va duosi naqadar go‘zal qurolidir!” (Ibn Abbos rivoyat qilgan).

Allohning Elchisi sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ibodatlarning qadrlisi – qiyinchilikdan so‘ng mo‘llik, yengillik kelishiga umid qilish va ishonishdir” (Tabaroniy).

Sahobiy hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu marhamat etadilar: “Iymon uchun sabr tan uchun bosh kabidir”.
 

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.