Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadislar (Tahorat)

09.02.2017   19633   11 min.
Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadislar (Tahorat)

عن أبي هريرة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم إذا توضأ العبد المسلم أو المؤمن فغسل وجهه خرجت من وجهه كل خطيئة نظر إليها بعينيه مع الماء أو مع آخر قطر الماء أو نحو هذا وإذا غسل يديه خرجت من يديه كل خطيئة بطشتها يداه مع الماء أو مع آخر قطر الماء حتى يخرج نقيا من الذنوب. رواه الترمذي

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rosululloh (s.a.v.): "Musulmon banda yoki mo‘min banda tahorat olib, yuzini yuvsa, ikki ko‘zi bilan qilgan barcha xatolari (gunohlari) suv bilan chiqib ketadi yoki suvning oxirgi qatrasi (tomchisi) bilan chiqib ketadi. Vaqtiki, ikki qo‘lini yuvsa, o‘sha ikki qo‘li bilan qilgan barcha xatolari (gunohlari) suv bilan chiqib ketadi yoki oxirgi qatra (tomchi) suv bilan chiqib ketadi. Shunday qilib, (banda) gunohlardan pok  holda chiqadi", dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن علي عن النبي صلى الله عليه وسلم قال مفتاح الصلاة الطهور وتحريمها التكبير وتحليلها التسليم. رواه الترمذي

Ali (r.a)dan rivoyat qilinadi. «Nabiy (s.a.v): "Tahorat namozning kalitidir. (Namozning) tahrimasi (boshlanishi) takbirdir (ya’ni, «Allohu akbar» degan kalima) tahlili (tugatilishi) taslim (salom berishdir)», dedilar». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن مجاهد عن جابر بن عبد الله رضى الله تعالى عنهما قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم مفتاح الجنة الصلاة ومفتاح الصلاة الوضوء. رواه الترمذي

Jobir ibn  Abdulloh roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi: «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam  «(Namoz jannatning kalitidir) tahorat namozning kalitidir», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

حدثنا وكيع عن شعبة عن عبد العزيز بن صهيب عن أنس بن مالك قال كان النبي صلى الله عليه وسلم إذا دخل الخلاء قال اللهم إني أعوذ بك قال شعبة وقد قال مرة أخرى أعوذ بك من الخبث والخبيث أو الخبث والخبائث. رواه الترمذي

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam hojatga kirsalar, «Allohim, men sendan erkagu ayol shaytonlardan (yomonliklardan va yomonlardan) panoh so‘rayman», deb aytardilar. Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن أنس بن مالك أن النبي صلى الله عليه وسلم كان إذا دخل الخلاء قال اللهم إني أعوذ بك من الخبث والخبائث قال أبو عيسى هذا حديث حسن صحيح. رواه الترمذي

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam hojatga kirsalar, «Allohim, men sendan erkagu ayol shaytonlardan (yomonliklardan va yomonlardan) panoh so‘rayman», deb aytardilar. Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن عائشة رضى الله تعالى عنها قالت كان النبي صلى الله عليه وسلم إذا خرج من الخلاء قال غفرانك. رواه الترمذي

Oisha roziyalloxu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam hojatdan chiqsalar, «g‘ufronaka» («Gunohlarimni mag‘firat qilgin») deb aytardilar». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

حدثنا أبو كريب حدثنا عبدة بن سليمان عن محمد بن عمرو عن أبي سلمة عن أبي هريرة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم لولا أن أشق على أمتي لأمرتهم بالسواك عند كل صلاة. رواه الترمذي

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, aytdi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: «Ummatimni mashaqqatga qo‘yishdan xavotirlanmasam edim: ularga har bir namoz oldidan misvok ishlatishni buyurgan bo‘lar edim». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن أبي سلمة عن زيد بن خالد الجهني قال سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول لولا أن أشق على أمتي لأمرتهم بالسواك عند كل صلاة ولأخرت صلاة العشاء إلى ثلث الليل قال فكان زيد بن خالد يشهد الصلوات في المسجد وسواكه على أذنه موضع القلم من أذن الكاتب لا يقوم إلى الصلاة إلا استن ثم رده إلى موضعه قال أبو عيسى هذا حديث حسن صحيح. رواه الترمذي

Zayd ibn Xolid Al-Juhaniydan rivoyat qilinadi; dedi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, aytdilarki: «Ummatimni mashaqqatga qo‘yishdan xavotirlanmasam edim, ularga har bir namoz oldidan misvok ishlatishni buyurgan va xufton namozini kechaning uchdan biriga ta’xir etgan (kechiktirgan) bo‘lar edim». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن أبي هريرة عن النبي صلى الله عليه وسلم قال إذا استيقظ أحدكم من الليل فلا يدخل يده في الإناء حتى يفرغ عليها مرتين أو ثلاثا فإنه لا يدري أين باتت يده وفي الباب عن بن عمر وجابر وعائشة. رواه الترمذي

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilarki, «Agar sizlardan biror kishi tungi uyqudan uyg‘onsa, qo‘lini ikki marta yoki uch marta suv to‘kib yuvmasdan turib suv idishiga botirmasin, chunki u qo‘li qayerda tunaganini bilmaydi». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن رباح بن عبد الرحمن بن أبي سفيان بن حويطب عن جدته عن أبيها قالت سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول لا وضوء لمن لم يذكر اسم الله عليه. رواه الترمذي

Raboh ibn Abdurrahmon ibn Abu Sufyon ibn Huvaytib (roziyallohu anhu) momosi orqali bobokalonidan (momosining otasidan) rivoyat kiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, aytdilarki, «Tahoratda Allohning ismini aytmagan («bismilloh» deb boshlamagan) kishining tahorati yo‘q». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن سلمة بن قيس قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم إذا توضأت فانتثر وإذا استجمرت فأوتر. رواه الترمذي

Salama ibn Qays (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar tahorat olsang, burningni (suv olib) mishir, agar (qazoi hojat etib) istinjo qilsang, kesakii (yoki toshni) toq ishlat» (ya’ni uchta yoki beshta). Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن عبد الله بن زيد قال رأيت النبي صلى الله عليه وسلم مضمض واستنشق من كف واحد فعل ذلك ثلاث. رواه الترمذي ا

Abdulloh ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamni ko‘rdim, og‘iz va burunlarini bir hovuch suv bilan chayqadilar va buni uch marta (takror) qildilar». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن عبد الله بن محمد بن عقيل عن الربيع بنت معوذ بن عفراء أنها رأت النبي صلى الله عليه وسلم يتوضأ قالت مسح رأسه ومسح ما أقبل منه وما أدبر وصدغيه وأذنيه مرة واحدة. رواه الترمذي

Mu’avviz ibn Afro qizi Ar-Rubayyi’ (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: U Nabiy sallallohu alayhi va sallamni tahorat olayotganlarida ko‘rdi: deydiki, «Boshlariga mas'h tortdilar, boshlarining oldi va orqasiga, ikki chakkalariga va quloqlariga (birdaniga) bir marta mas'h tortdilar». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن عبد الله بن زيد أن رسول الله صلى الله عليه وسلم مسح رأسه بيديه فأقبل بهما وأدبر بدأ بمقدم رأسه ثم ذهب بهما إلى قفاه ثم ردهما حتى رجع إلى المكان الذي بدأ منه ثم غسل رجليه. رواه الترمذي

Abdulloh ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam boshlariga ikki qo‘llari bilan mas'h tortdilar: qo‘llarini oldinga va orqaga yurgizdilar: (avval) peshonalaridan boshladilar, keyin ensalarigacha surib bordilar, keyin yana to boshlagan joylarigacha qaytarib keldilar, undan keyin oyoqlarini yuvdilar». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن أنس أن النبي صلى الله عليه وسلم كان يتوضأ لكل صلاة طاهرا أو غير طاهر قال قلت لأنس فكيف كنتم تصنعون أنتم قال كنا نتوضأ وضوءا واحدا. رواه الترمذي

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam har bir namoz uchun tahorat olar edilar, xoh tahoratli bo‘lsinlar, hoh tahoratli bo‘lmasinlar». (Xumayd aytadi): «Anasga dedimki, «Sizlar qanday qilar edingizlar?» (Anas) dedi: «Bizlar bitta tahorat olar edik (tahoratli bo‘lganda qayta tahorat olmoqni lozim ko‘rmas edik)». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عن أنس أن النبي صلى الله عليه وسلم كان يتوضأ لكل صلاة طاهرا أو غير طاهر قال قلت لأنس فكيف كنتم تصنعون أنتم قال كنا نتوضأ وضوءا واحدا. رواه الترمذي

Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi; Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Tahorat ustiga tahorat olgan kishiga Alloh bu tufayli o‘n hasana (savob) yozgaydir». Imom Termiziy rivoyati.

*   *   *

عمرو بن عامر الأنصاري قال سمعت أنس بن مالك يقول كان النبي صلى الله عليه وسلم يتوضأ عند كل صلاة قلت فأنتم ما كنتم تصنعون قال كنا نصلي الصلوات كلها بوضوء واحد ما لم نحدث. رواه الترمذي

Amr ibn Omir Al-Ansoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi; u aytdi: Anas ibn Molikdan eshitdim, u dediki, «Nabiy sallallohu alayhi va sallam har namoz oldidan tahorat olar edilar». (Anasdan): «Sizlar nima qilar edingizlar?» deb so‘radim. (Anas) dedi: «Biz to tahoratimiz buzilmaguncha, hamma namozlarni bitta tahorat bilan o‘qiyverardik». Imom Termiziy rivoyati.

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Maqolalar

MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

26.08.2026   21517   8 min.
MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.

Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!

Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.

Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.

Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.

Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.

Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:

1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.

2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.

Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.

Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:

⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.

⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.

⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.

⏺ G‘arq bo‘lganlar.

⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).

⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.

⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.

⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.

⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.

⏺ Juma kechasi vafot topganlar.

⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.

⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.

⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.

⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.

⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.

⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.

⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.

⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.

⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.

⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.

⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.

⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.

⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.

⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.

⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.

⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.

⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.

⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.

⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.

⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.

Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA