Islom dinining mohiyati, uning inson hayotidagi o‘rni ana shu din bag‘ridan yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkir shayhlar, aziz-avliyolarning poklik va kamolot sari yetaklovchi qarashlari, ularning ibratli xislatlarini chuqur tadqiq etish, ajdodlar ruhiga hurmat va ehtiromni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” asari muqaddima va 770 ta shayx (35 tasi avliyo ayollar)ning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.
“Nasoyim ul-muhabbat” Abdurrahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns min hazarot il-quds” tazqirasining tarjimasi, lekin Navoiy Jomiy asariga erkin, ijodiy munosabatda bo‘lib va uning asaridagi ma’lumotlarni to‘ldirib va ba’zisini qisqartirib 618 ta shayxlar sonini 770 ta (35 tasi avliyo ayollar)ga yetkazadi.
“Nasoyim ul-muhabbat” da bir necha shayxlar haqidagi berilgan ma’lumotlarda Sohibqiron Amir Temurga bog‘liq qiziqarli voqealar uchraydi.
Navoiy Sohibqiron Amir Temurni Eronga qo‘shin tortib borgan yili ya’ni 1381 yil bahorda oylarida shayx Bobo Sungu ziyoratiga borganini quyidagicha tasvirlaydi: “Zamon majzublaridin ermish. Andxud qasabasida bo‘dur ermish. Sohibi botin kishi ermish. Ramzlarin bilganlar natija topar ermish. Temurbek Xuroson mulki azimatig‘a yuruganda Andxudqa yetganda mashhurdurki, Bobo xidmatig‘a borg‘andur. O‘lturg‘ondin so‘ngra Bobo ilamida bir sufrada yaxna et erkandur. Qo‘yning yaxna to‘shin olib, Temurbek sari otibdur. Temurbek g‘oyati aqlu zakosidin debdurki, Xurosonni yer yuzining ko‘ksi debdurlar. Ani Bobo bizga havola qildi, deb bu bashorat bila yurub, Xuroson mulkini olibdur”
Shayxning botiniy savoliga, nazariga, quvvatiga Amir Temur sidq va ixlos, aql va fahm-farosat bilan anglaganliklari va javob berganliklari bayon qilingan.
“Nasoyim ul-muhabbat” da Sohibqiron Amir Temurni Bobo Xokiy q. s. va Xoja Boyazid a. r. kabi shayxlar bilan uchrashgan va suxbatlashganlari zikr qilinadi.
Bobo Xokiy q. s: -Turk elidindur. Sipohi ermish. Timurbek bila Rum va Shom cherikiga borg‘ondur. Ondin qaytib kelganda, sipohilig‘ mashaqqatidin, chun toriqqon erkandur, tark qilib, faqr ixtiyor qilibdur.
Xoja Boyazid a. r :-Atoning yaqin avlodidindur. Temurbek oning suhbatig‘a kelibdur va kelurda ko‘nglida kechurubdurki, bu erning ma’no olamidin xabari bo‘lsa, bizga issiq halvo tortqoy. Ul muridlarg‘a halvoni xud buyurg‘on ekandur. Bek bila salomlashib ko‘rishgondin so‘ngra debdurki (avval salom, o‘rtasi taom va oxiri kalom!) Filhol halvoni tortturubdur. Bekka bu hol zohir bo‘lg‘ach, murid bo‘lib langar yasab, ko‘p avqof qilibdur.
Navoiy hazratlari sohibqiron haqlarida zavqlanib, samimiylik bilan mardlik, soddalik, zakiylik, har qanday tasodifiy xolatlar va har ishni tadbirkorlik bilan qilishliklarini tasvirlab bergan.
Navoiy asarda shayxlarning ijtimoiy-siyosiy xayotda o‘z o‘rni bo‘lganlgini fasohat-balog‘at bilan yoritib bergan. Amir Temur va zamonasini xukmdorlari ham shayxlarning va ulamolarning maslahat va duolarni olishgani, shuning uchun Amir Temur, Husayn Boyqaro, Bobur kabi hukmdorlar xalq orasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan.
Bu asar milliy-diniy qadriyatlarimiz va tariximizni o‘rganishda ma’rifiy va axloqiy ahamiyatga ega. Ayniqsa, Imom A’zam, Imom Moturidiy, Ahmad Yassaviy, Hakim Tirmiziy, Bahouddin Naqshbandiylar kabi aqida va tasavvuf ulamolarimiz haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Movarounnahr va Xuroson valiylari merosini o‘rganish, ularning tasavvufiy-axloqiy qarashlarini tadqiq etish inson ruhiy kamoloti uchun zarur g‘oya. Uni valiylar hayotini o‘rganmasdan turib, islomning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini anglab, so‘fiyona adabiyotlarning g‘oyaviy mazmun-mohiyatini tushunib bo‘lmaydi.
Shuningdek, yoshlarga tasavvufning asl mazmun-mohiyatini to‘g‘ri yetkazish, ularni turli diniy oqimlar ta’siridan saqlash hamda milliy g‘oyani rivojlantirishda muhim ahamiyatga egadir.
Piskent tuman bosh imom-xatibi v.v.b: Zaynilobiddinxon Qudratov.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.
Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.
Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.
Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.
Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.
Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.
Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.
Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: “Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin”, der edilar.
Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.
Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.
Davron NURMUHAMMAD