Bir kuni quyon o‘zining chopqirligini namoyoish qilish uchun toshbaqaga yugurish bo‘yicha musobaqalashishni taklif qilibdi. Toshbaqa rozi bo‘libdi. Marra uchun o‘rmon chetidagi bir daraxtni belgilashibdi. Musobaqa boshlanibdi. Toshbaqa shoshilmay yo‘lga tushibdi, uni ko‘rgan quyon rosa kulibdi va: "Men bir oz mizg‘ib olsam ham bo‘ladi, marraga bir pasda yetib olaman", deb daraxt tagiga yonboshlabdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tibdi, quyon qattiq uxlab qolibdi. Bir payt uyg‘onib qarasa, toshbaqa marraga yetay deb qolibdi. Bor kuchini yig‘ib yuguribdi, lekin kech qolgan ekan. Toshbaqa undan oldin marraga yetib boribdi. Quyon qilgan ishidan afsuslanib, hayvonlar oldida rosa uyalibdi.
Har bir ishning harakatini o‘z vaqtida qilgan yaxshi. Fursat o‘tgach, qobiliyat ham foyda bermaydi.
Akbarshoh Rasulov
Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.
Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.
B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati