بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
Muhtaram jamoat! Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasida merosni bo‘lish va olishga doir masalalarda ayrim tushunmovchiliklar sodir bo‘lmoqda. Natijada merosxo‘rlar o‘rtasida, aka-uka, opa-singil va qavm-qarindoshlar o‘rtasida turli oilaviy nizolar kelib chiqishi kuzatilmoqda.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meros ilmini o‘rganishga targ‘ib qilib shunday deganlar:
عن أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قالَ: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم " يا أبا هريرة! تعلموا الفرائض وعلموها فإنه نصف العلم، وهو ينسى، وهو أول شئ ينزع من أمتى".
رَوَاهُ ابْنُ ماجة، و أخرجه الحاكم في المستدرك
Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Hurayra!, merosni o‘rganinglar va o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U unutiladi va ummatimdan eng avval ko‘tariladigan narsa ham shudir”, dedilar”. (Ibn Moja va Hokimlar rivoyat qilishgan).
Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:
عن أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قالَ: قالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "تَعَلّمُوا الفَرَائِضَ والقُرْآنَ وَعَلّمُوا النّاسَ فَإِنّي مَقْبُوضٌ". رواه الترمذي
Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faroizni (ya’ni, meros ilmini) va Qur’onni o‘rganinglar va odamlarga ham o‘rgatinglar. Chunki men qabz qilinuvchiman”, dedilar.(Imom Termiziy rivoyat qilgan)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida bu ilmni o‘rganishni Qur’oni karimni o‘rganish bilan yonma-yon keltirishlari bejizga emas. Chunki bu ilm halol va haromga, birovning haqqiga aloqador bo‘lgan ilmdir. Agar mayyitdan qolgan mol-dunyo to‘g‘ri taqsim qilinmasa, kimdir boshqaning mol-mulkini nohaqdan yeyish hisoblanadi.
Shuning uchun bugungi juma suhbatimizda mazkur masalani biroz muxtasarroq qilgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.
Islom dinida oilaning jamiyatdagi o‘rniga yuqori baho berilib keladi. Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida oila a’zolarining o‘zaro muomalalari bilan birga moliyaviy munosabatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Albatta o‘lim haqdir. Dunyoda jon egasi borki, o‘lim sharbatini totguvchidir. Qur’oni karimda:
كُلُّ نَفْسٍ ذَآئِقَةُ الْمَوْتِ
Ya’ni, “Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totguvchidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat) deyilgan.
Oyat va hadislardagi ko‘rsatmalar merosxo‘r bo‘lib qolgan qarindosh-urug‘larning hayotlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Farzandlar, tug‘ishgan aka-uka, opa-singil va boshqa voris qarindoshlar o‘rtasida totuvlik, mehr-oqibat davomli bo‘lishi uchun vafot etgan kishidan qolgan merosning adolat bilan taqsimlanishi muhim ahamiyatga egadir.
Muhtaram jamoat! Albatta, meros adolatli taqsimlanishi uchun bandalar Qur’on oyatlari, hadisi shariflardagi hukmlar va islom ulamolarining chiqargan fatvolarini asos qilib olishsa va ushbu hukmlarga rozi bo‘lib amal qilishsa, ularning hayotlari farovon bo‘lishiga shak-shubha yo‘qdir. Merosning shariat ko‘rsatmasiga binoan taqsimlanishining farzligi Qur’on karimdagi meros oyatining oxirida qayd qilingan:
فَرِيضَةً مِّنَ اللّهِ
Ya’ni, “(Shuning uchun meros taqsimi) Allohning (o‘zi) tomonidan (belgilandi va) farz qilib qo‘yildi” (Niso surasi, 11-oyat).
Alloh taolo o‘zining belgilab qo‘ygan shariat qonunlari asosida meros taqsimotiga rozi bo‘lganlarga ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarni va’da qilgan:
تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ وَمَن يُطِعِ اللّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ
Ya’ni, “Ana shular Allohning hudud (chegara)laridir. Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostida anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir!” (Niso;13).
Shariatda har bir merosxo‘rga marhumning qoldirgan mol-mulklaridan muayyan hissa ajratar ekan, ayol-qizlarga ham munosib ulush ajratilgan. Albatta islomdan avval johiliyat davrida ayol-qizlarga merosdan ulush ajratilgan emas, ular doim o‘z ota-onalari va aka-ukalari merosidan mahrum qilinganlar. Alloh taolo esa ularga ulush ajratilishi farz amallardan biri ekanini Qur’oni karimda bayon qilib berdi:
وَلِلنِّسَاء نَصِيبٌ مِّمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيباً مَّفْرُوضاً
Ya’ni, “Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko‘pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso;7).
Biroq, shariatda “bitta erkakka ikki ayolning hissasi” miqdori belgilangan. Bu ushbu:
لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الأُنثَيَيْنِ
Ya’ni, “bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi” oyati bilan bayon qilindi. Bu narsa Qur’oni karimda bir necha marta eslatilgan. Qiz farzandlarning yarim ulush olishlari tashqaridan qaraganda adolatsizdek tuyulsa-da, lekin, barcha nafaqalar erkaklarning zimmasida ekanligi, ayol kishi shar’an barcha nafaqalardan ozod qilinganini e’tiborga olsak, bu naqadar hikmatli taqsim ekani ma’lum bo‘ladi. Zotan Qur’oni karimda:
وَلَيْسَ الذَّكَرُ كَالأُنثَى
Ya’ni, “Erkak ayol kabi emas!” (Oli Imron;36), deyilgan.
Erkaklar hamma vaqt mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishga majburdirlar: ota-onalariga qaraydilar, oilasini tebratadilar, ayollarini va qizlarini boqadilar, opa-singillarining ahvollaridan xabardor bo‘lib turadilar.
Muhtarama azizlar! Ming afsuski, asrlar davomida buyuk qadriyat bo‘lib kelayotgan ana shu an’ana bugunga kelib buzila boshladi. Natijada aka-ukalar va opa-singillar ota-ona vafotidan so‘ng meros talashib elu yurtga kulgi bo‘la boshladilar, o‘tkinchi dunyoda ana shu hech kimga vafo qilmagan yolg‘on dunyoni deb urush-janjallar girdobida qolayotganlarni, bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketganlarni eshitib qolmoqdamiz. Buning oqibatida dinimizda farz bo‘lgan silai-rahm uzilib ketyapti. Silai rahmni uzilishiga ham meros ilmini bilmaslik va unga amal qilmaslik sabab bo‘lmoqda. Silai rahmni uzilishiga katta vaiyd va’da qilingan:
Ali ibn Husayn rahmatullohi alayh o‘g‘liga nasihat qilib: Hech qachon qarindoshlik rishtalarini uzma! Men Qur’oni karimning uch joyida qarindoshlik rishtalarini uzgan kimsaning la’natlanganini ko‘rdim deb, quyidagi oyatlarni o‘qidilar:
الَّذِينَ يَنْقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِنْ بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الْأَرْضِ أُولَئِكَ هُمُ الْخَاسِرُونَ (سُورَةُ الْبَقَرَةِ:27
, Ular Allohning ahdini bog‘langandan so‘ng buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan, yer yuzida fasod qiladigan zotlardir. Ana o‘shalar yutqazuvchilardir. (Baqara surasi, 27-oyat)
وَالَّذِينَ يَنْقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِنْ بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الْأَرْضِ أُولَئِكَ لَهُمُ اللَّعْنَةُ وَلَهُمْ سُوءُ الدَّارِ (سُورَةُ الرَّعْدِ:25
Ya’ni, Alloh bilan ahd bog‘laganlaridan keyin uni buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la’nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir. (Ra’d surasi, 25-oyat)
فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ * أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ (سُورَةُ مُحَمَّدٍ:22-23
Ya’ni, Agar (iymondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta. Unday kimsalarni Alloh la’natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko‘zlarini «ko‘r» qilib qo‘ygandir. (Muhammad surasi, 22-23-oyatlar)
Bularning barchasi Alloh taolo adolatli belgilab bergan meros taqsimotiga amal qilmaslik va shariatda farz qilingan ko‘rsatmalarga yurmaslik oqibatidandir. Shu o‘rinda bir narsaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim bo‘ladi; meros nima va uni qachon va qay yo‘sinda taqsim qilinadi? Shuningdek uning shar’iy haqdorlari aslida kimlardir?
Bugungi kunda ba’zi holatlarda shunga guvoh bo‘lamizki, ota-onalar tirik bo‘la turib, farzandlar o‘zaro meros talashish dardiga mubtalo bo‘lishgan. Bu narsaning ota-onaga nisbatan qanchalik hurmatsizlik va haqorat ekanini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Mol-dunyo ularning ko‘zlarini shunchalik ko‘r qilib qo‘yganki, ular ota-onalari yoki bobo-buvilariga aziyat berishdan ham tap tortmaydigan bo‘lib borishyapti. Lekin ular tez kunda o‘zlari ham shu holatga tushishlaridan go‘yoki bexabardeklar.
Muhtaram jamoat! Shariatimizda kishi vafot etganidan keyin uning qoldirgan mol-dunyosiga to‘rt turlik haq ta’alluq topadi;
Birinchi: Mayyitni kafanlash va dafnga tayyorgalik mayyitning molidan isrof qilinmagan va ziqnalikka yo‘l qo‘yilmagan holda sarflanadi.
Ikkinchi: Kafanlash va dafndan forig‘ bo‘lganidan so‘ng mayyitning qoldirgan molidan uning qarzlari to‘lig‘icha ado qilinadi.
عَنْ أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قال: قالَ رسولُ الله صلى الله عليه وسلم: نَفْسُ المُؤْمِنِ مُعَلّقَةٌ بِدَيْنِهِ حَتّى يُقْضَى عَنْهُ. )رواه الترمذي
Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning joni qarzi sababli (ulug‘ maqomga yetishishdan) to qarzi ado qilingunicha hibs qilib turiladi”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan)
Uchinchi: Mayyitning tiriklik chog‘ida qilgan vasiyatlari agar shar’an joiz vasiyatlar bo‘lsa, ular mayyit qoldirgan molning uchdan biridan ado qilinadi. Merosdan ulushi borlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular vasiyat ololmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:
عن أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهَلِيّ قالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ الله صلى الله عليه وسلم يقولُ في خُطْبَتِهِ عَامَ حَجّةِ الوَدَاعِ: إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ.
رواه الترمذي
Ya’ni, Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men vidolashuv haji yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutbalarida: “Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo‘q”, dyeyotganlarini eshitdim. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Shuning uchun merosxo‘r faqat Alloh taolo bo‘lib bergan ulushini oladi.
To‘rtinchi: Yuqoridagi sarf xarajatlardan ortib qolgan mayyitning mol-dunyosi Qur’oni karim, sunnat va ummat ijmo’si bilan tayin qilingan merosxo‘rlari o‘rtasida taqsim qilinadi.
Meros masalasi o‘ta muhim masalalardan bo‘lgani uchun Alloh taolo O‘zining kalomida biror ahkomni merosxo‘rlarning hissalarini bayon qilgani kabi batafsil bayon qilmagan. (Niso surasi, 11-12 oyati karima) Balki ko‘p ibodatlarni Qur’oni karimda ijmolan (umumiy) zikr qilib, uning tafsilotini payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga havola qilib qoldirgan.
Bandalarning bir birlari o‘rtasidagi haqlari o‘ta ahamiyatli bo‘lgani uchun Alloh taolo O‘z kalomida har bir haq egasi va uning qancha hissa olishini to‘liq bayon qilib o‘tgan.
Shuning uchun meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog‘atga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bunga nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozimdir. Ba’zan ota yosh olamdan o‘tib, ortidan yetim farzandlar qoldirib ketadi. Undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog‘atga yetgunicha avaylab saqlab turilishi lozim bo‘ladi. Lekin ko‘pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko‘rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bunday ogohlantirib shunday degan:
إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا
(سورة النساء:10)
Ya’ni, Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar.
Agar biz barchamiz bu nozik masalada ham muqaddas dinimizning ko‘rsatmalariga amal qilsak, nafaqat o‘zimizga, balki jamiyatga hamda o‘tganlarimizga ham foyda keltirgan bo‘lamiz. Alloh taolo barchalarimizni O‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlasin, marxum va marxumalarimizni mag‘firat etsin! Omin.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.