Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Quroni karim tilovatida tadabbur

06.02.2017   15420   4 min.
Quroni karim tilovatida tadabbur

Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir»  deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.

Alloh taolo o‘z kalomida tadabbur qilish haqida marhamat qilganki:

وَإِنَّهُ لَذِكْرٌ لَكَ وَلِقَوْمِكَ وَسَوْفَ تُسْأَلُونَ

Albatta, u (Qur’on) senga ham sharafdir, qavmingga ham. Va, albatta, so‘ralursizlar. (Zuxruf 44-oyat).

كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُوا آَيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ

«Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir»,  degan. (Sod 29-oyat.).

Dunyo va oxiratning barcha barakasi ushbu kitobdir. Kim ikki dunyoning barakasini olishni xohlasa, ushbu muborak kitobga amal qilsin. Kim ikki dunyoning baxt-saodatiga erishishni istasa, ushbu Qur’onni o‘ziga dastur qilib olsin.

أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا

Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar. (Niso 82-oyat.).

Mana, o‘n to‘rt asr  o‘tayotgan bo‘lsada, ilohiy mo‘jiza – Qur’oni karim oyatlarida keltirilgan ma’lumotlarda birorta xato  jumla topilgani yo‘q, topilmaydi ham. Falakiyot, koinot, hayvonot, nabotot, ilohiyot va tabiiyotga doir oyatlarning naqadar to‘g‘ri ifoda etilgani kun sayin o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.

Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Islomni bilmoqchi bo‘lgan odam, haqiqatni anglamoqchi bo‘lgan kishi bevosita Qur’oni Karimga murojaat qilmog‘i kerak. Qur’onga murojaat etib, uni tadabbur qilib ko‘rgan odam haqiqatni anglab yetadi. U ilohiy kitobdir, uning ilohiyligini tadabbur qilgan odam buni darhol anglaydi. Chunki Qur’onni jiddiy o‘rganishga kirishgan odam unda hech qanday ziddiyat yo‘qligini payqaydi.

«Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganda, undan ko‘p ixtiloflar topar edilar». Albatta, inson aqli yetganicha o‘rganadi. Hech kim: «Men Qur’onni oxirigacha fahm etdim, bundan boshqa tushuncha bo‘lishi mumkin emas», deya olmaydi.

أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَى قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا

Axir, ular Qur’on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda «qulflari» bordir?!. (Muhammad 24-oyat.).

Bu yerdagi ba’zi munofiqlarning dillarida, ehtimol, kelajakda imon keltirish niyatining o‘zi yo‘qdir. Balkim ularning dillariga Alloh “imon keltirmaydi” deb muhr bosib qo‘ygandir, deyilmoqda. Qur’on oyatlari haqida fikr yuritishga ham o‘sha muhrlangan qalblarda salohiyat bo‘lmasligi mantiq yuzasidan barchaga ma’lum .

وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

Qur’on tilovat qilganda uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz. (A'rof 204-oyat.).

Ushbu oyatdan ulamolarimiz Qur’oni Karim tilovat qilinganda unga jim turib quloq osish vojibligi haqidagi hukmni chiqarganlar.

Hanafiy mazhabi ulamolari esa, namozda imom qiroat qilganida, iqtido qiluvchilar jim quloq osishi lozim, deb hukm chiqarganlar.

Umuman, Qur’on Allohning kalomi, uni o‘qish, tinglash, o‘rganish va unga amal qilish zaruriy ishdir. Har birining o‘ziga yarasha zarurati va halovati bor. Har bir mo‘min-musulmon Qur’oni Karim tilovati qulog‘iga tushishi bilan Alloh taoloning ushbu oyatdagi amrini esga olib, darhol uni tinglashi va jim turishi vojib.

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   69804   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari