Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Alloh taolo o‘z kalomida tadabbur qilish haqida marhamat qilganki:
وَإِنَّهُ لَذِكْرٌ لَكَ وَلِقَوْمِكَ وَسَوْفَ تُسْأَلُونَ
Albatta, u (Qur’on) senga ham sharafdir, qavmingga ham. Va, albatta, so‘ralursizlar. (Zuxruf 44-oyat).
كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُوا آَيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ
«Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir», degan. (Sod 29-oyat.).
Dunyo va oxiratning barcha barakasi ushbu kitobdir. Kim ikki dunyoning barakasini olishni xohlasa, ushbu muborak kitobga amal qilsin. Kim ikki dunyoning baxt-saodatiga erishishni istasa, ushbu Qur’onni o‘ziga dastur qilib olsin.
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا
Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar. (Niso 82-oyat.).
Mana, o‘n to‘rt asr o‘tayotgan bo‘lsada, ilohiy mo‘jiza – Qur’oni karim oyatlarida keltirilgan ma’lumotlarda birorta xato jumla topilgani yo‘q, topilmaydi ham. Falakiyot, koinot, hayvonot, nabotot, ilohiyot va tabiiyotga doir oyatlarning naqadar to‘g‘ri ifoda etilgani kun sayin o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.
Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Islomni bilmoqchi bo‘lgan odam, haqiqatni anglamoqchi bo‘lgan kishi bevosita Qur’oni Karimga murojaat qilmog‘i kerak. Qur’onga murojaat etib, uni tadabbur qilib ko‘rgan odam haqiqatni anglab yetadi. U ilohiy kitobdir, uning ilohiyligini tadabbur qilgan odam buni darhol anglaydi. Chunki Qur’onni jiddiy o‘rganishga kirishgan odam unda hech qanday ziddiyat yo‘qligini payqaydi.
«Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganda, undan ko‘p ixtiloflar topar edilar». Albatta, inson aqli yetganicha o‘rganadi. Hech kim: «Men Qur’onni oxirigacha fahm etdim, bundan boshqa tushuncha bo‘lishi mumkin emas», deya olmaydi.
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَى قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا
Axir, ular Qur’on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda «qulflari» bordir?!. (Muhammad 24-oyat.).
Bu yerdagi ba’zi munofiqlarning dillarida, ehtimol, kelajakda imon keltirish niyatining o‘zi yo‘qdir. Balkim ularning dillariga Alloh “imon keltirmaydi” deb muhr bosib qo‘ygandir, deyilmoqda. Qur’on oyatlari haqida fikr yuritishga ham o‘sha muhrlangan qalblarda salohiyat bo‘lmasligi mantiq yuzasidan barchaga ma’lum .
وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
Qur’on tilovat qilganda uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz. (A'rof 204-oyat.).
Ushbu oyatdan ulamolarimiz Qur’oni Karim tilovat qilinganda unga jim turib quloq osish vojibligi haqidagi hukmni chiqarganlar.
Hanafiy mazhabi ulamolari esa, namozda imom qiroat qilganida, iqtido qiluvchilar jim quloq osishi lozim, deb hukm chiqarganlar.
Umuman, Qur’on Allohning kalomi, uni o‘qish, tinglash, o‘rganish va unga amal qilish zaruriy ishdir. Har birining o‘ziga yarasha zarurati va halovati bor. Har bir mo‘min-musulmon Qur’oni Karim tilovati qulog‘iga tushishi bilan Alloh taoloning ushbu oyatdagi amrini esga olib, darhol uni tinglashi va jim turishi vojib.
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati