JIYDA (Elaeagnus L.) — jiydadoshlar oilasiga mansub daraxt yoki buta. Janubiy Yevropa, Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikada o‘sadigan 40 ga yaqin turi bor.O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekistonda jiydaning qarg‘ajiyda. (Ye. angysti-fola; yovvoyi holda o‘sadi), sharq jiydasi (Ye. orientalis), tikanakli jiyda (Ye. pungens), kumushsimon jiyda (Ye. argentea), non jiyda(Ye. cdulls) turlari o‘sadi. Sh a r q jiydasining bargi oddiy, ensiz, kumush-rang. Daraxti 8—10 m, shoxlari siyrak, tikanli yoki tikansiz. Guli ikki jinsli, sariq, serasal, xushbo‘y, efir moyli. Mevasi sarg‘ish, mag‘izsiz danakli, eti 31,2—88,7%, unsimon, xushxo‘r. Tarkibida 46—65% qand, 10% oqsil, 1,3% kislota, 200 mg% S vitamini mavjud. Jiydaning mevasi yangiligida yoki quritib iste’mol etiladi. Tabobatda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Yog‘ochidan turli xil buyumlar yasaladi, parfyumeriya sanoatida, gulidan efir moy olinadi.
Jiyda qurg‘oqchilikka chidamli, yer osti suvlari yuza va sho‘r tuproqlarda ham o‘saveradi. Danagidan, ildiz bachkisidan va qalamchasidan ko‘payadi. Ko‘chati o‘tkazilgach, 3—5- yili hosilga kiradi. May—iyun oyida gullaydi, mevasi sentyabr—oktyabrda pishadi. Bir tupi 50 kg gacha hosil beradi. Jiyda60—80 yil yashaydi. Non jiyda mevali daraxt sifatida ekiladi, o‘rta bo‘yli daraxt. Sernam yerlarda yaxshi o‘sadi. Serhosil. Mevasi yirik, mazali, qizg‘ish-qo‘ng‘ir rangli. O‘zbekiston o‘rmonchilik ilmiy-tadqiqot institutida uning 20 ga yaqin navi ta’riflangan (Qizil J., Ra’no, Urganch, Xurmoy, Toshkent deserti, Cho‘li qandak, Kizil qandak va boshqalar). Hozirgi davrga kelib sanoat ahamiyatini yo‘qotdi. O‘zbekiston, Tojikiston va k o‘ p g i n a mamlakatlarda ayrimtomorqa bog‘larida ekiladi. Ko‘proq yo‘l yoqalari, kanal bo‘ylari, dala-ihota o‘rmon mintaqalari, tashlandiq yerlarga ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi. Oziqaviy quvvati: 34 kKal ni tashkil etadi.
Jiyda mevasini uzoq muddat saqlash mumkin. Pishib yetilganida terib olingach, bir necha oydan so‘ng ham o‘zining foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi.
Foydali xususiyatlari
Jiyda tarkibida juda ko‘p foydali moddalar mavjud. Masalan, uning mevasida kaliy moddasi mavjud, bu inson organizmida yurak-qon tomirlari tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, o‘z navbatida insult, infarkt va boshqa muammoli xastaliklari kelib chiqishining oldini oladi. Xushbo‘y moddalar mavjudligi uning biriktiruvchi ta’sirchanligiga asos bo‘ladi.
Jiyda mevasi insonni tinchlantiruvchi ta’sirga ega va uyqu dorilar bilan qo‘shib iste’mol qilinsa, ularning faolligini oshiradi. Bundan tashqari asab tizimi faoliyatini me’yorga keltiradi, va g‘azablanish, asabiylashuvning oldini oladi. Jiyda tinchlantirish faolligi bilan birgalikda salomatlikni mustahkamlaydi.
Uning yangi uzilgan mevasini turli pishiriq-desertlarga qo‘shish mumkin. Bundan tashqari undan murabbo va jemlar tayyorlash mumkin.
Jiyda mevasi xalq tabobatida keng ishlatiladi. Darmon dorilar tarkibida uning mevasi bilan bir qatorda guli, barglari va novda po‘stloqlari ham ishlatiladi. Masalan, mevasining damlamasidan ovqat hazm qilish muammolarini hal etishda, shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklaridan forig‘ bo‘lish maqsadida g‘arg‘ara qilib og‘izni chayish yo‘li bilan foydalanish mumkin. Barglari revmatizm, podagra va radikulitni davolash jarayonida yaxshi yordam beradi. Barglarini yana jarohat va yaralarga bog‘lab, shamollashni olish va jarohat bitishini tezlashtirishda foydalaniladi.
Bundan tashqari jiyda mevasidan bavosirni davolashda foydalaniladi. Novdasi po‘stlog‘idan tayyorlangan damlama qon ketishini to‘xtatishda yaxshi shifobaxsh vositadir. Mevasining sharbati bezgak va qon bosimini davolash jarayonida iste’mol qilinadi.
Mevasining qaynatmasi nafas yo‘llari, bezgak va shamollash kasalliklarini davolashdayordam beradi. Bundan tashqari, bu qaynatmadan yo‘g‘on ichak, oshqozon va ichak yo‘llarini davolashda yaxshi yordam beradi, shuningdek u ichketarda ham yordam beradi.
Uning gullari va barglaridan ham shifobaxsh damlama tayyorlash mumkin. Bu damlama qon bosimida va yuqori haroratni tushiruvchi tabiiy vositadir. Shuningdek, u yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, kolitdan forig‘ bo‘lishda ijobiy natija beradi.
Jiydaning zarari va nojo‘ya ta’siri
Homilador va emizikli ayollar uni iste’mol qilishdan o‘zlarini tiyishlari tavsiya etiladi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
25 yanvar 2017 yil
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi