Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Isti’oza – bu « أعوذ بالله من الشيطان الرجيم » (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym) dir.
Ma’nosi: «Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh berishini so‘rayman».
وَقُلْ رَبِّ أَعُوذُ بِكَ مِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ
Ayt: «Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. (Muminun 97-oyat.).
Imom Qurtubiy: Iblisni shayton deya nomlandi, buni sababi haqdan uzoqlashgani va Allohning buyrug‘idan yuz o‘girganidir. Chunki insu-jinlarni haqdan yuz o‘girib, uzoqlashganini shayton deyiladi deganlar.
وَكَذَلِكَ جَعَلْنَا لِكُلِّ نَبِيٍّ عَدُوًّا شَيَاطِينَ الْإِنْسِ وَالْجِنِّ
Shuningdek, har bir payg‘ambarga inson va jinning shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. (An’om 112-oyat.).
Qur’on o‘qimoqchi bo‘lgan kishi tilovatga kirishishdan avval istiozani aytishi kerak.
فَإِذَا قَرَأْتَ الْقُرْآنَ فَاسْتَعِذْ بِاللّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ
Bu oyatda Alloh taolo: «Agar Qur’on o‘qisang, bas, quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh berishini so‘ra» demoqda. (Nahl surasi 98-oyat.).
Istiozani aytish Qur’oni Karim tilovati uchun tilni poklaydi. Kishini Allohning kitobi Qur’oni Karimni o‘qishga tayyorlaydi. Shaytonning vasvasasidan saqlaydi. Butun vujudi va shuurini Alloh tomon buradi.
Ba’zi ulamolar bu oyatdagi amrni vojib deganlar, ba’zilari esa mustahab deganlar. Shunga ko‘ra, istiozani o‘qish vojib yoki mustahab bo‘ladi. Istiozani tilovatdan oldin bir marta o‘qisa, kifoya qiladi. Agar tilovat asnosida boshqa ish aralashib, tilovat to‘xtab qolsa (masalan, biror kishi bilan gaplashilsa yoki turib biror ish bajarib kelinsa), isti’oza yana qayta o‘qiladi. Agar to‘satdan aksirish, yo‘tal tutishi yoxud shunga o‘xshash ixtiyordan tashqari holatlar sodir bo‘lib qolsa, u holda isti’oza qayta o‘qilmaydi.
أعوذ – so‘zi haqida “Lisanul - arab “ kitobida shunday deyiladi: “ عاذ به , ya’ni “tayanmoq, undan panoh so‘ramoq” ma’nosida”. Hadisdan misol: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bir arab ayolga uylandilar. Huzurlariga u ayol kiritilganida shunday dedi: أعوذ بالله منك ya’ni, men sizdan Alloh taolo tomon qochaman, U Zotdan panoh so‘rayman”. Payg‘ambar alayhis - salom: “ Sen panoh Beruvchi Zotdan panoh so‘rading, o‘z ahlingga ketaver”, - dedilar.
“Shayton” – arab tilida “ bo‘yin tovlovchi, kekkaygan, uzoqlashgan” degan ma’noni anglatadi. Arablar: شطنت داره ya’ni, uning hovlisidan uzoqlashdim, deydilar. Sibavayh aytadilar:” Arablar biror kishi shaytonning ishini qilsa تشيطن deydilar” . Qurtubiy (rohmatullohi alayhi): “Shayton so‘zi faqat jinlarga xos emas, balki, inson va hayvonlarning ham bo‘yin tovlovchi, osiylarini ham “shayton” deyiladi. Bunga oyat yaqqol misol “شياطين الإنس والجن” ya’ni, Inson va jinlarning shaytonlari.( An’om surasi 112-oyat).
Rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu bir eshakka mindilar. O‘zlarini kekkayganday his qildilar, shunda: “Meni shaytonga mindiribsizlarku?” - dedilar. Xullas “shayton”– har qanday yaxshilikdan, rahmatdan fisqi tufayli uzoq, deganidir .
“Rojim” – yaxshilikdan uzoq qilingan, uloqtirilgan hamda vasvasa va yomonlikni otuvchi degan ma’noni anglatadi.
Qurtubiy (rohmatullohi alayhi) shunday deydilar: “رجم – aslida “tosh otmoq” degani. Ba’zan, “rajm” qatl, la’nat, haydash, so‘kish, ma’nolarida ham ishlatiladi. Bularning barchasi quyidagi oyatda mujassam bo‘lgan:
“لئن لم تنته يا نوح لتكوننّ من المرجومين ”
“Ular: ey Nuh, agar to‘xtamasang, albatta, toshbo‘ron qilganlardan bo‘lursan”, dedilar”.( Shuaro surasi 116-oyat).
“ Istioza “dagi masalalar quyidagi tartibdadir:
Ba’zi olimlar namozda istioza aytish sunnat ekanligiga ijmo qilganlar. Uni tark qilish namozni buzmaydi xoh qasddan bo‘lsin, xoh bexosdan. Namozdan tashqarida Qur’on o‘quvchiga istiozani aytishi mustahabdir.
Mashhur tobein Ato ibn Raboh (rohmatullohi alayhi), istiozani aytish vojib, namozda bo‘lsin yoki undan tashqarida bo‘lsin, farqi yo‘q, deydilar. Bunga dalil qilib فإذا قرأت القرآن فاستعذ بالله, ya’ni, Qur’on o‘qigan chog‘ingda, Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin (Nahl surasi 98-oyat) oyatining zohiriy ma’nosini hamda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunda doimiy bo‘lganliklarini keltiradilar.
Ko‘pchilik olimlar: oyatning ma’nosi, “Qur’on o‘qimoqchi bo‘lsangiz, Allohdan panoh so‘rang”, deganidir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunda doimiy bo‘lganlariga kelsak, u zot bundan boshqa namozning juda ko‘p amallarida doimiy bo‘lganlar. Masalan: namozning ichidagi takbirlar va tasbihlar. Vaholanki, bular vojib emas.
Ba’zi olimlarning nazdida, Istiozani aytish namozdami yoki undan tashqaridami, farqi yo‘q, qiroatdan oldin bo‘lishi kerak. Bunga dalil Abu Said al-Hudriy roziyallohu anhu aytadilarki: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam kechasi namozga tursalar takbir va sanodan so‘ng shunday der edilar: “Men o‘ta Eshituvchi va Biluvchi bo‘lgan Allohdan la’nati shaytondan, uning yomonligidan, fisqi fasodi hamda buzuqligidan panoh so‘raman”. (Termiziy rivoyati).
Ibrohim Naxaiy rohimahulloh, istioza qiroatdan keyin bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar. Bu gapga Dovud, Ahmad va Ibn Siriynlar qo‘shiladilar.
Imom Muhammad “Osor” kitobida shunday keltiradilar: “Besh o‘rinda imom ovozini maxfiy qiladi. Ular: sano aytganda, taavvuzda (istioza), Bismillahir Rohmanir Rohimda, omin aytganda va “Allohumma Robbana lakal hamd”ni aytganda”.
Ibrohim Naxaiy rohimahullohdan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Namozda to‘rtta o‘rinda ovoz maxfiy qilinadi: sano aytganda, taavvuzda (istioza), Bismillahir Rohmanir Rohimda, omin aytganda”. Buni Abdurrazzoq o‘z kitoblarida keltirganlar.
Abu Hanifa va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimalarning nazdilarida Istiozani qiroat uchun aytiladi.
Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhi istioza sano uchun, deb hisoblaydilar. Shu ixtilofga ko‘ra, masbuq (ya’ni jamoatdan 1 va undan ko‘p rakaatdan kech qolgan kishi) Imom Abu Hanifa va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimalarning nazdilarida istiozani aytadi. Abu Yusuf rahmatullohi alayhining nazdilarida esa, masbuq kishi istiozani aytmaydi. Chunki masbuq o‘zi davom ettirayotgan rakaatlarida sanoni aytmaydi. Zero, u kishining nazdilarida istioza sano uchun aytmaydi. Shuningdek, Iyd namozida istiozani aytilishi Abu Yusuf rahmatullohi alayhining nazdilarida sano aytilganidan keying uch takbirdan oldin bo‘ladi. Imom Abu Hanifa va Muhammad rahmatullohi alayhimalar, iyd namozlarida istioza qiroat uchun aytilgani sabab uch takbirdan keying bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar.
Imom Shofeiy va Abu Hanifa rohimahumallohi alayhimalarning nazdida, oyatning zohiriga binoan, istiozaning aytilishi “ أعوذ بالله من الشيطان الرجيم ” bo‘ladi va bunga Jubayr ibn Mut’am roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalildir. Imom Ahmad rohmatullohi alayhi: “ Istiozaning aytilishi “ أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم ” bo‘ladi va bunga Abu Said al -Hudriy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalil”, - deydilar.
Istioza aytishning hikmati – banda o‘zini ojizu notavon, zaif va qul ekanini iqror etishi va Boriy azza va jalla barcha zarar va ofatlarni daf qilishga qodirligini hamda shayton insonga ochiq-oydin dushman ekanini e’tirof etishidir.
Jafar as-Sodiq rohmatullohi alayhi shunday deydilar: “Qiroatdan oldin istioza aytilishi shart. Boshqa toatlardan oldin istioza aytilmaydi. Qiroatdan oldin aytilishining hikmati banda tilini yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik kabi yomon illatlar bilan najosat qiladi. Alloh taolo bandaning tili pok bo‘lib, shu pok tilbilan Pok bo‘lgan Zotning nozil qilingan kalomini o‘qishi uchun bandani istiozaga buyurdi.
Uning bir necha ko‘rinishlari mavjud:
1) أعوذ بالله من الشيطان الرجيم
2) أعوذ بالله من الشيطان
3) أعوذ بالله العظيم من الشيطان الرجيم
4) أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم
5) أعوذ بالله من الشيطان الرجيم من همزه ونفخه ونفثه
6) أعوذ بالله العظيم من الشيطان الرجيم إنه الله هو السميع العليم
7) أعوذ بالله العظيم بوجه الكريم وسلطانه القديم من الشيطان الرجيم
8) أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم من همزه ونفخه ونفثه
Isti’ozani ovoz chiqarib va maxfiy aytiladigan holatlar
Ovoz chiqarib aytiladigan holatlar:
1- yig‘ilishlarda ovoz chiqarib o‘qiladi;
2- ta’lim o‘rnida qiroatni boshlovchi kishi ovoz chiqarib o‘qiydi.
Maxfiy aytiladigan holatlar:
1- namozda;
2- o‘zi yolg‘iz tilovat qilganida;
3- ta’lim o‘rnida, tilovat qilishni boshlamagan bo‘lsa.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati