Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Qur’oni karim tilovatida istioza

25.01.2017   16838   9 min.
Qur’oni karim tilovatida istioza

Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir»  deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.

Isti’oza – bu « أعوذ بالله من الشيطان الرجيم »  (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym) dir.

Ma’nosi: «Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh berishini so‘rayman».

وَقُلْ رَبِّ أَعُوذُ بِكَ مِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ

Ayt: «Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. (Muminun 97-oyat.).

Imom Qurtubiy: Iblisni shayton deya nomlandi, buni sababi haqdan uzoqlashgani va Allohning buyrug‘idan yuz o‘girganidir. Chunki insu-jinlarni haqdan yuz o‘girib, uzoqlashganini shayton deyiladi deganlar.

وَكَذَلِكَ جَعَلْنَا لِكُلِّ نَبِيٍّ عَدُوًّا شَيَاطِينَ الْإِنْسِ وَالْجِنِّ

Shuningdek, har bir payg‘ambarga inson va jinning shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. (An’om 112-oyat.).

Qur’on o‘qimoqchi bo‘lgan kishi tilovatga kirishishdan avval istiozani aytishi kerak.

فَإِذَا قَرَأْتَ الْقُرْآنَ فَاسْتَعِذْ بِاللّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ

Bu oyatda Alloh taolo: «Agar Qur’on o‘qisang, bas, quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh berishini so‘ra» demoqda. (Nahl surasi 98-oyat.).

Istiozani aytish Qur’oni Karim tilovati uchun tilni poklaydi. Kishini Allohning kitobi Qur’oni Karimni o‘qishga tayyorlaydi. Shaytonning vasvasasidan saqlaydi. Butun vujudi va shuurini Alloh tomon buradi.

Ba’zi ulamolar bu oyatdagi amrni vojib deganlar, ba’zilari esa mustahab deganlar. Shunga ko‘ra, istiozani o‘qish vojib yoki mustahab bo‘ladi. Istiozani tilovatdan oldin bir marta o‘qisa, kifoya qiladi. Agar tilovat asnosida boshqa ish aralashib, tilovat to‘xtab qolsa (masalan, biror kishi bilan gaplashilsa yoki turib biror ish bajarib kelinsa), isti’oza yana qayta o‘qiladi. Agar to‘satdan aksirish, yo‘tal tutishi yoxud shunga o‘xshash ixtiyordan tashqari holatlar sodir bo‘lib qolsa, u holda isti’oza qayta o‘qilmaydi.

أعوذ  – so‘zi haqida “Lisanul - arab “ kitobida shunday deyiladi: “ عاذ به , ya’ni “tayanmoq, undan panoh so‘ramoq” ma’nosida”. Hadisdan misol: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bir arab ayolga uylandilar. Huzurlariga u ayol kiritilganida shunday dedi:  أعوذ بالله منك ya’ni, men sizdan Alloh taolo tomon qochaman, U Zotdan panoh so‘rayman”. Payg‘ambar alayhis - salom: “ Sen panoh Beruvchi Zotdan panoh so‘rading, o‘z ahlingga ketaver”, - dedilar.

“Shayton” – arab tilida “ bo‘yin tovlovchi, kekkaygan, uzoqlashgan” degan ma’noni anglatadi. Arablar:  شطنت داره ya’ni, uning hovlisidan uzoqlashdim, deydilar. Sibavayh aytadilar:” Arablar biror kishi shaytonning ishini qilsa تشيطن  deydilar” . Qurtubiy (rohmatullohi alayhi): “Shayton so‘zi faqat jinlarga xos emas, balki, inson va hayvonlarning ham bo‘yin tovlovchi, osiylarini ham “shayton” deyiladi. Bunga oyat yaqqol misol شياطين الإنس والجن ya’ni, Inson va jinlarning shaytonlari.( An’om surasi 112-oyat).

Rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu bir eshakka mindilar. O‘zlarini kekkayganday his qildilar, shunda: “Meni shaytonga mindiribsizlarku?” - dedilar. Xullas “shayton”– har qanday yaxshilikdan, rahmatdan fisqi tufayli uzoq, deganidir .

“Rojim” – yaxshilikdan uzoq qilingan, uloqtirilgan hamda vasvasa va yomonlikni otuvchi degan ma’noni anglatadi.

Qurtubiy (rohmatullohi alayhi) shunday  deydilar: “رجم  – aslida “tosh otmoq” degani. Ba’zan, “rajm” qatl, la’nat, haydash, so‘kish, ma’nolarida ham ishlatiladi. Bularning barchasi quyidagi oyatda mujassam bo‘lgan:

لئن لم تنته يا نوح لتكوننّ من المرجومين

“Ular: ey Nuh, agar to‘xtamasang, albatta, toshbo‘ron qilganlardan bo‘lursan”, dedilar”.( Shuaro surasi 116-oyat).

“ Istioza “dagi masalalar quyidagi tartibdadir:

Ba’zi olimlar namozda istioza aytish sunnat ekanligiga ijmo qilganlar. Uni tark qilish namozni buzmaydi xoh qasddan bo‘lsin, xoh bexosdan. Namozdan tashqarida Qur’on o‘quvchiga istiozani aytishi mustahabdir.

Mashhur tobein Ato ibn Raboh (rohmatullohi alayhi), istiozani aytish vojib, namozda bo‘lsin yoki undan tashqarida bo‘lsin, farqi yo‘q, deydilar.  Bunga dalil qilib فإذا قرأت القرآن فاستعذ بالله, ya’ni, Qur’on o‘qigan chog‘ingda, Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin (Nahl surasi 98-oyat) oyatining zohiriy ma’nosini hamda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunda doimiy bo‘lganliklarini keltiradilar.

Ko‘pchilik olimlar: oyatning ma’nosi, “Qur’on o‘qimoqchi bo‘lsangiz, Allohdan panoh so‘rang”, deganidir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunda doimiy bo‘lganlariga kelsak, u zot bundan  boshqa namozning juda ko‘p amallarida doimiy bo‘lganlar. Masalan: namozning ichidagi takbirlar va tasbihlar. Vaholanki, bular vojib emas.

Ba’zi olimlarning nazdida, Istiozani aytish namozdami yoki undan tashqaridami, farqi yo‘q, qiroatdan oldin bo‘lishi kerak. Bunga dalil Abu Said al-Hudriy roziyallohu anhu aytadilarki: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam kechasi namozga tursalar takbir va sanodan so‘ng  shunday der edilar: “Men o‘ta Eshituvchi va Biluvchi bo‘lgan Allohdan la’nati shaytondan, uning yomonligidan, fisqi fasodi hamda buzuqligidan panoh so‘raman”. (Termiziy rivoyati).

Ibrohim Naxaiy rohimahulloh, istioza qiroatdan keyin bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar. Bu gapga Dovud, Ahmad va Ibn Siriynlar qo‘shiladilar.

Imom Muhammad “Osor” kitobida shunday keltiradilar: “Besh o‘rinda imom ovozini maxfiy qiladi. Ular: sano aytganda, taavvuzda (istioza), Bismillahir Rohmanir Rohimda, omin aytganda va “Allohumma Robbana lakal hamd”ni aytganda”.

Ibrohim Naxaiy rohimahullohdan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Namozda to‘rtta o‘rinda ovoz maxfiy qilinadi:  sano aytganda, taavvuzda (istioza), Bismillahir Rohmanir Rohimda, omin aytganda”. Buni Abdurrazzoq o‘z kitoblarida keltirganlar.

Abu Hanifa va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimalarning nazdilarida Istiozani qiroat uchun aytiladi.

Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhi istioza sano uchun, deb hisoblaydilar. Shu ixtilofga ko‘ra, masbuq (ya’ni jamoatdan 1 va undan ko‘p rakaatdan kech qolgan kishi) Imom Abu Hanifa va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimalarning nazdilarida istiozani aytadi. Abu Yusuf rahmatullohi alayhining nazdilarida esa, masbuq kishi istiozani aytmaydi. Chunki masbuq o‘zi davom ettirayotgan rakaatlarida sanoni aytmaydi. Zero, u kishining nazdilarida istioza sano uchun aytmaydi. Shuningdek, Iyd namozida istiozani aytilishi Abu Yusuf rahmatullohi alayhining nazdilarida sano aytilganidan keying  uch takbirdan oldin bo‘ladi. Imom Abu Hanifa va Muhammad rahmatullohi alayhimalar, iyd namozlarida istioza qiroat uchun aytilgani sabab uch takbirdan keying bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar.

Imom Shofeiy va Abu Hanifa rohimahumallohi alayhimalarning nazdida, oyatning zohiriga binoan, istiozaning aytilishi  “ أعوذ بالله من الشيطان الرجيم ” bo‘ladi va bunga Jubayr ibn Mut’am roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalildir. Imom Ahmad rohmatullohi alayhi: “ Istiozaning aytilishi “ أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم ” bo‘ladi va bunga Abu Said al -Hudriy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis dalil”, - deydilar.

Istioza aytishning hikmati – banda o‘zini ojizu notavon, zaif va qul ekanini iqror etishi va Boriy azza va jalla barcha zarar va ofatlarni daf qilishga qodirligini hamda shayton insonga ochiq-oydin dushman ekanini e’tirof etishidir.

            Jafar as-Sodiq rohmatullohi alayhi shunday deydilar: “Qiroatdan oldin istioza aytilishi shart. Boshqa toatlardan oldin istioza aytilmaydi. Qiroatdan oldin aytilishining hikmati banda tilini yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik kabi yomon illatlar bilan najosat qiladi. Alloh taolo bandaning tili pok bo‘lib, shu pok tilbilan Pok bo‘lgan Zotning nozil qilingan kalomini o‘qishi uchun bandani istiozaga buyurdi.

Uning bir necha ko‘rinishlari mavjud:

1)         أعوذ بالله من الشيطان الرجيم

2)         أعوذ بالله من الشيطان

3)         أعوذ بالله العظيم من الشيطان الرجيم

4)         أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم

5)         أعوذ بالله من الشيطان الرجيم من همزه ونفخه ونفثه

6)         أعوذ بالله العظيم من الشيطان الرجيم إنه الله هو السميع العليم

7)         أعوذ بالله العظيم بوجه الكريم وسلطانه القديم من الشيطان الرجيم

8)         أعوذ بالله السميع العليم من الشيطان الرجيم من همزه ونفخه ونفثه

Isti’ozani ovoz chiqarib va maxfiy aytiladigan holatlar

Ovoz chiqarib aytiladigan holatlar:

1- yig‘ilishlarda ovoz chiqarib o‘qiladi;

2- ta’lim o‘rnida qiroatni boshlovchi kishi ovoz chiqarib o‘qiydi.

Maxfiy aytiladigan holatlar:

1- namozda;

2- o‘zi yolg‘iz tilovat qilganida;

3- ta’lim o‘rnida, tilovat qilishni boshlamagan bo‘lsa.

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi

 Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   33887   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari